Ordovik sistemasi
Ordovik sistemasi (davri), ordovik (lotincha Ordovices — Buyuk Britaniyaning hozirgi Uels hududida yashagan qadimgi kelt qabilasi nomidan) — Paleozoy erasining pastdan 2-davri. Ordovik sistemasi radiologik metod bo’yicha hozirgi davrdan 490±15 million yil avval boshlanib, 435±10 million yil avval tugagan va taxminan 67 million yil davom etgan. Ordovik sistemasi dastlab 1879 yilda ingliz geologi Ch.Lapuors tomonidan Buyuk Britaniya hududida ajratilgan. Ordovik sistemasi mustaqil davr sifatida faqat 1960 yilda xalqaro geologik kongreseda qabul qilingan. Ilgari ko’p mamlakatlarda uni silur sistemasi (davri)ning quyi bo’limi sifatida qo’llaganlar. Ordovik sistemasi 3 bo’lim (quyi, o’rta, yuqori) va 6 yarus (tremadok, arenig, llanvirn, llandeyl, karadok va ashgil) dan iborat. Ordovik sistemasining bo’lim va yaruslarga ajratishda hamma tomonidan tan olingan bo’linishi hozirgacha yo’q. Ordovik sistemasi barcha qit’alarda va ko’pincha orollarda ajratilgan. Ordovik sistemasining boshlanishi yer yuzasining cho’kishiga to’g’ri kelib, ko’pgina hududlar dengiz suvi bilan qoplangan. Dengiz transgressiyasining maksimumi o’rta ordovik bo’limlarida mavjud bo’lgan. Yuqori Ordovik sistemasi kaledon burmalanishi tufayli dengiz suvlari bilan qoplangan maydonlar kamayib, yangi yirik quruqliklar vujudga kelgan. Bu davrda dengiz havzasi ikki turli bo’lgan: birinchisi turgun platforma strukturalarida tuzilgan epikontinental dengiz havzalaridan iborat; ularda, asosan, ohaktosh, gil, kvarsli qum yotqiziqlari tarqalgan; ikkinchisi esa geosinklinal strukturalarga xos bo’lib, qum, gil va graptolitli slaneslar hamda suv osti vulkan jinslari ko’p. Vulkan jinslari Uels, Appalachi, Qozog’iston, Shimoliy Tyanshan va boshqa geosinklinal oblastlarida uchraydi. Ordovik sistemasi dengiz yotqiziqlarida graptolit, trilobit, boshoyoqli mollyuskalar, yelkaoyoqlilar, pelesipoda, foraminifera va boshqa umurtqasiz jonivorlar qoldig’i uchraydi. Ordovik sistemasida dengiz tipratikani, ostrakoda, mshankalar, bulutlar mavjud bo’lgan va umurtqalilar paydo bo’la boshlagan. O’simliklardan ko’k-yashil suvo’tlar ko’p tarqalgan bo’lib, birinchi bor yuksak o’simliklar vujudga kelgan. Kembriy davrida-gidek, bu davrda ham bakteriyalar nihoyatda ko’p edi. O’rta Osiyoda Ordovik sistemasi yotqiziqlari shimoliy va Janubiy Tyanshan, Chatqol, Turkiston, Zarafshon, Olay, Nurota va Qizilqumdagi Tomditov, Bo’kantov tog’larida ma’lum. Ordovik sistemasi yotqiziqlarida neft (AQSh), yonuvchi slanes (Estoniya), fosforitlar (Leningrad viloyati), ordovik intruziyalarida oltin va boshqa metallar (Qozog’iston) uchraydi.