ATEROSKLEROZ
ATEROSKLEROZ (Yunoncha athera — bo’tqa va skleroz) — yog’simon modda (lipoid)lar almashinuvi buzilib, ularning arteriya ichki qavatida to’planishi va biriktiruvchi to’qimaning o’sib ketishi natijasida kelib chiqadigan surunkali kasallik. Ateroskleroz qon aylanishining umumiy va mahalliy buzilishi bilan birga kechadi. Arteriya devori to’qimasi xujayralaridagi o’zgarishlar, ularda kechadigan biokimyoviy jarayonlardagi buzilishlar Ateroskleroz paydo bo’lishi va rivojlanishida muhim rol o’ynaydi. Arteriyalar devorining ayrim sohalarida fibroz to’qima rivojlanishi, shu sohalarda xolesterin va boshqa moddalar yig’ilishi Ateroskleroz paydo bo’lishiga olib keladi. Bu arterial qon bosimining kutarilishi yoki arterial gipertenziyaga bevosita bog’liq. Ateroskleroz avj olishiga sabab bo’ladigan kasalliklardan biri qandli diabetdir. Bunday bemorlar vrachning doimiy kuzatuvi ostida bo’lishlari lozim. Aterosklerozga moyillik keyingi avlod vakillarining ma’lum bir qismi orasida irsiy yo’l bilan o’tadi; ota-onasi Ateroskleroz bilan og’rigan shaxslar irsiy moyillikka yo’l qo’ymaslik uchun uning oldini olish choralarini ko’rishlari zarur. Aterosklerozda barcha arteriyalarning umumiy zararlanishi kam uchraydi. Asosan, bosh miya, yurak, buyrak va oyoq tomirlari zararlanadi. Bosh miya tomirlarida aterosklerotik o’zgarishlar avjiga chiqqanda qon aylanishining o’tkir buzilishi — insult ro’y berishi mumkin. Yurak muskulini qon bilan ta’minlaydigan tomirlar Aterosklerozi toj tomirlar yetishmovchiligining yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Bunday yetishmovchilik oqibatida stenokardiya, miokard infarkti va yurakning boshqa kasalliklari rivojlanishi mumkin. Oyoq arteriyalari sklerozida oyoqlar bo’shashadi, boldir muskullari og’riydi va tortishadi, yurishda o’zgarish kuzatiladi. Aterosklerozning oldini olish uchun arteriyalar devorining butunligini saqlash va ularda xolesterin yig’ilishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida bemorning hayot tarziga doir vrach maslahatlari va tavsiyalarini bajarish kerak.