“Oltin yoruq”
“Oltin yoruq” — buddaviylikka e’tiqod qilgan turkiy qavmlar orasida mashhur bo’lgan qadimgi yozma yodgorlik. Asl nomi “Suvarnaprabxasa” bo’lib, sanskrit tilidan qadimgi Xitoy tiliga tarjima qilingan. 10-asrda Beshbaliq shahrida Sengi seli Tudung uni Xitoy tilidan qadimgi turkiy tilga “Oltin yoruq” nomi bilan tarjima qilgan va eski uyg’ur-turk yozuvida ko’chirgan. O’nta afsonani o’z ichiga olgan “Oltin yoruq” 675 sahifadan iborat. Barcha afsonalarda ham buddaviylikning asosiy ta’limoti (“najot topish” ta’limoti) birinchi o’rinda turadi. Mazmuni turlicha bo’lgan afsonalarning hammasini birlashtirib, yaxlit asar holiga keltirilishining bosh omili ham ana shu ta’limotdir. Unda aks etgan “to’rt oliy haqiqat” bosqichi ham O’rta Osiyo xalqlarining falsafiy qarashlariga mos keladi. “Oltin yoruq”ning hozirgi turkiyshunoslar ko’p foydalanadigan nusxasi 18-asrda ko’chirilgan. Bu qo’lyozma Sankt- Peterburgdagi Osiyo muzeyida saqlanadi. “Oltin yoruq”ni 1910 yil Sharqiy Turkistonning Xansu viloyatidagi Vunshigu qishlog’idan SE.Maloe topgan. Uning faksimile nusxasi V.V.Radlov va SE. Malov tomonidan nashr etilgan (1913— 17). Nemis olimi V.Myuller esa asarning 1920 sahifasini xitoycha asl nusxasi bilan qiyoslagan holda chop ettirgan (1913). V.V.Radlov “Oltin yoruq”ning bir qismini nemis tilida nashr qilgan (1930). Turk olimi Rashid Rahmatiy Arat “Oltin yoruq”ni transliterasiya qilib, Usmonli turk tiliga tarjima qilishni boshlagan, lekin ish nihoyasiga yetmagan. Yana bir turk olimi Cheval qoya yuqorida eslatilgan faksimile nashr asosida “Oltin yoruq”ni to’liq transliterasiya qilib chop ettirdi (Anqara, 1994). Nasimxon Raxmonov.