Qamar orollari
Qamar orollari, Qamar Orollari Ittifoqi (Arabcha qamar — oy) — Hind okeanidagi Qamar orollarida joylashgan davlat. Qamar orollari tarkibiga Ngazija (avvalgi nomi Grandkomar), Nzvani (avvalgi nomi Anjuan), MVAli (avvalgi nomi Moxeli), Maore (avvalgi nomi Mayotta) orollari va bir qancha mayda orollar kiradi. Maydoni 2,170 ming km2. Aholisi 614,3 ming kishi (2002). Ma’muriy jihatdan 4 okrugga bo’linadi. Poytaxti — Moroni shahri. Davlat tuzumi. Qamar orollari — federal respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 2001 yil 23 dek.abrda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — prezident, u umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi, hukumatga ham boshchilik qiladi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni bir palatali parlament (ittifoq Assambleyasi), ijroiya hokimiyatni president boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Orollar vulkanlardan hosil bo’lgan, marjon qoyalar bilan o’ralgan. Harakatdagi vulkanlar bor. Balandligi 2560 metrgacha (Ngazija oroldagi Qargala vulkani, mamlakatning eng yuqori nuqtasi). Iqlimi tropik, issiqva sernam. Sohilda o’rtacha temperatura 23-28°, tog’larda 18° ga yaqin. Yillik yog’in 1100— 3000 mm. Tog’yon bag’irlarida qalin tropik o’rmonlar, tog’ etaklarida savanna va butazorlar bor. Aholisining 95% qamarlar yoki antaloatra xalqi. Ular arablarning malagasilar va Sharqiy Afrika sohilidagi xalqlar bilan chatishuvi natijasida hosil bo’lgan. Bundan tashqari, bantu tillaridan birida so’zlashuvchi makualar hamda Arab, malagasi va frantsuzlar ham yashaydi. Hindiston va Pokistondan borib qolganlar ham bor. Rasmiy tillar — qamar, frantsuz va Arab tillari. Aholisi, asosan, qamar tilida so’zlashadi. Qamarlarning aksariyati Islom dinining sunniy mazhabida. Aholining 75% ga yaqini sohil bo’yidagi tekisliklarda va tog’yon bag’irlarida istiqomat qiladi. Asosiy shaharlari — Moroni, Musamudu, Fomboni. Tarixi. 15-19-asrlarda orollarda musulmon sultonlari hukmronlik qilgan. Orollarga yevropaliklardan birinchi bo’lib 1598 yilda gollandlar borgan. 19-asrda Frantsiya bu orollarni bosib olib, mustamlakaga aylantirgan. 1946 yil Qamar orollari Frantsiyaning Madagaskar mustamlakasi tarkibidan mustaqil ma’muriy birlik sifatida ajratilgan. 1961 yilda Frantsiyaning “dengiz orti hududi”; 1968 yilda ichki o’zinio’zi boshqaruv maqomini oldi. 1975 yil 6 iyulda Qamar orollari deputatlar palatasi o’z tashabbusi bilan mamlakatni mustaqil deb e’lon qildi. 1978 yil 1 oktyabrgacha mamlakat Qamar orollari Respublikasi, so’ngra Qamar orollari Federal Islom Respublikasi deb ataldi; 2002 yildan hozirgi nomda. 1999 yil 30 aprelda polkovnik azali Assumani rahbarligidagi harbiy to’ntarish natijasida prezident Tojiddin bin Said Massunde hokimiyatdan chetlashtirildi, 1996 yilgi Konstitutsiya bekor qilindi, barcha davlat muassasalari tarqatib yuborildi. Muvaqqat Konstitutsiya amal qila boshladi. 1999 yil 6 mayda azali Assumani o’zini prezident deb e’lon qildi. Qamar orollari — 1975 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 6 iyul — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1975). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Yangilanish va demokratik harakat partiyasi, 1990 yilda tuzilgan; Taraqqiyot uchun milliy birlashma partiyasi, 1996 yilda tashkil etilgan; Demokratiya va taraqqiyot uchun harakat partiyasi. Qamar orollari Muxtor kasaba uyushmalari Ittifoqi, 1996 yil tuzilgan. Xo’jaligi. Qamar orollari qoloqagrar mamlakat. Iqtisodiyotining asosini eksportga ixtisoslashtirilgan qishloq xo’jaligi tashkil etadi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligi, o’rmon xo’jaligi va baliq ovlash ulushi 40%, sanoatniki 14%, xizmat ko’rsatish tarmog’iniki 46%. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari: vanil, chinnigul, ilang-ilang (gulidan essentsiya va parfyumeriya sanoati uchun moy olinadigan da; raxt), kokos palmasi, dolchin, kofe. Ichki ehtiyoj uchun sholi, makkajo’xori, maniok, yams, batat, shakarqamish, banan yetishtiriladi. Qoramol, echki va qo’y boqiladi, baliq ovlanadi. O’rmonlarda yog’och tayyorlanadi. Sanoati, asosan, qishloq xo’jaligi mahsulotini qayta ishlash, sovun, spirtsiz ichimliklar, ro’zg’or asboblari ishlab chiqaruvchi korxonalaridan iborat. Pussolan (yo’l qurish va tsement ishlab chiqarish uchun kerakli xom ashyo) qazib olinadi. Yiliga 31 million kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Hunarmandchilik (teri, yog’ochni qayta ishlash, savat to’qish) keng yoyilgan. Avtomobil yo’llari uzunligi — 875 kilometr (76% qattiq qoplamali). Asosiy dengiz porti — Musamudu shahri chetga vanil (eksport bo’yicha dunyoda 2-o’rinda), essentsiya, chinnigul, kokos palmasi yong’og’i va mag’zi chiqaradi, chetdan neft mahsulotlari, oziq-ovqat, mashina-uskuna oladi. Tashqi savdoda Frantsiya, AQSh, Germaniya, Madagaskar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — qamar franki. Maorifi. Mustaqillik e’lon qilinishi arafasida (1975) 6 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy etilgan edi, ammo bu ish amalga oshmadi. Davlat maktablari bilan bir qatorda musulmon ruhoniylariga qarashli diniy maktablar ham bo’lgan. Darslar frantsuz tilida, diniy maktablarda Arab tilida o’tilgan. Mamlakat mustaqillikka erishgandan keyin bolalar 4 yoshdan madrasaga qatnab, 2 yilda davomida Qur’onni o’rgana boshlaydilar. Boshlang’ich maktab 6 yillik, to’liqsiz o’rta maktab 4 yillik, to’liq o’rta maktab (litsey) 7 yillik. Mahalliy tilda o’qitish joriy etilgan. An’anaviy boshlang’ich diniy maktablarda Arab alifbosidan tashqari, qishloq xo’jalik bilimlari va gigiyena o’rgatiladi. Kasb-hunar ta’limi boshlang’ich maktab negizida amalga oshiriladi. Pedagogika bilim yurtlarida o’qituvchilar tayyorlanadi. Oliy o’quv yurtlari yo’q. Yoshlar oliy ta’limni xorijda oladilar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Mamlakatda “Alvatvon” (“Vatan”) hukumat haftalik gazeta (1985 yildan), frantsuz tilida haftalik “Qamar orollari gazetasi” chiqadi. Qamar matbuot agentligi hamda 1975 yilda tashkil etilgan va hukumat tomonidan nazorat qilinadigan Qamar radiosi faoliyat yuritadi.