Qo’zg’alish

Qo’zg’alish (fiziologiyada) – tirik hujayraning biror ta’sirga javob reaktsiyasi, tirik sistemaning fiziologik nisbiy tinch holatdan mazkur to’qima yoki hujayra uchun xos bo’lgan faol holatga o’tishi. Qo’zg’alish, asosan, ixtisoslashgan strukturalar; reseptorlar, nerv va muskul hujayralari, nerv tolalari uchun xos. Qo’zg’alish — fiziologik, biokimyoviy, energetik va strukturaviy o’zgarishlarni o’z ichiga oladi. Qo’zg’alish hujayra membranasi ion o’tkazuvchanligining qisqa muddatli o’zgarishi bilan boshlanadi. Bu jarayonda ionlarning ko’chishi membranalar qutblanishining o’zgarishiga va elektr potentsiali (elektr toki)ning hosil bo’lishiga olib keladi. Qo’zg’alishda adenozintrifosfat kislota (ATF) parchalanadi; glikolitik va oksidlanish jarayoni kuchayadi; oqsil va lipid almashinuvi o’zgaradi. Qo’zg’alish mahalliy (bir joyning o’zida) yoki yoyiluvchi (tarqaluvchan) bo’ladi. Mahalliy Qo’zg’alish faqat ta’sirlanish sodir bo’lgan joyning o’zida, ya’ni neyronning bir qismida, qabul qilish yoki periferik ta’sirga ixtisoslashgan retseptorlar yoki sinapslarda paydo bo’ladi. Mahalliy Qo’zg’alish ta’sirlanishdan so’ng tezda yuzaga chiqadi, ta’sir kuchining oshishi bilan kuchayib boradi. Mahalliy Qo’zg’alishda bir nerv yoki muskul hujayrasining boshqa nerv hujayrasi aksonlari bilan tutashgan joyi (sinaps)dagi reseptor va generator potentsiallari muhim ahamiyatga ega. Mahalliy Qo’zg’alish amplitudasi va ta’sir kuchi, uning davomiyligi, tezligining ortishi yoki kamayishiga qarab o’zgarib turadi. Yoyiluvchi Qo’zg’alish nerv va muskul tolalari uchun xos. Nerv tolalari bo’ylab tarqaladigan Qo’zg’alish nerv impulsi deyiladi. Yoyiluvchi Qo’zg’alish hujayra membranasining barcha qismi bo’ylab tarqaladigan harakat potentsiali bilan bir vaqtda yuzaga chiqadi va axborotni nerv tolalari bo’ylab uzoq masofaga tez o’tkazilishini ta’minlaydi. Harakat potentsiali muskul hujayralaridagi miofibrillarning qisqarishini, nerv hujayralari aksonlari uchidan to’qimalarning qo’zg’alishi yoki tormozlanishiga ta’sir qiladigan kimyoviy moddalar ishlab chiqarilishini faollashtiradi. Qo’zg’alishda tsitoplazmaga N8* va Sa2″ ionlarining o’tishi membrananing har 2 tomonida Ia*, K*, Sa2+ ionlarining dastlabki teng bo’lmagan kontsentrasiyali holatini tiklovchi hamda membrana va tsitoplazmaning yangilanishi uchun zarur bo’lgan oqsillar va fosfolipidlarni sintezlovchi Fermentlarni faollashtiradi. Qo’zg’alish va u bilan bog’langan tormozlanish jarayoni nerv faoliyatining asosini tashkil etadi.