Qand-shakar sanoati
Qand-shakar sanoati — oziq- ovqat sanoati tarmog’i, qand lavlagidan oq shakar va shakardan kesma oq qand ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarni qamraydi. Tropik mintaqalar va subtropiklardagi mamlakatlarda shakar va qand shakarqamishdan olinadi. Qandshakarni aholi ko’p iste’mol qiladi va oziq-ovqat sanoatining bir qator tarmoqlarida keng qo’llanadi. Shakarqamishdan shakar olish juda qadimdan ma’lum bo’lgan. 16-asrda Hindistonda sanoat yo’li bilan shakarqamishdan shakar ishlab chiqarila boshlagan. 18-asr oxirida Rossiya va Germaniyada qand lavlagidan shakar olish texnologiyasi yaratildi. 20-asr oxiriga kelib jahon miqyosida ishlab chiqariladigan (1999 yilda 133 million tonna) xom (sariq) shakarning 55% shakarqamishdan, qolgani lavlagidan olinadi. O’zbekistonda 20-asr boshlariga qadar qand chetdan keltirilgan xom ashyodan hunarmad-qandolatchilar tomonidan ishlab chiqarilgan (“kallaqand”). 19-asrning 2-yarmida Rossiya imperiyasi O’rta Osiyoni bosib olganidan keyin 1893 yilda Rossiya harbiy akademiyasining professor, injener — Polkovnik V.M.Ivanov Toshkent viloyatida shakar zavodi qurish maqsadida “Turkiston qishloq xo’jaligisanoat shirkati”ni tuzdi va eski Qovunchi qishlog’i (hozirgi Yangiyo’l shahri) atrofidan 200 gektar yer olib, mevali daraxtlar, paxta va sabzavotlar ekib, hosildan olingan daromadga shakar zavodi qurishni rejalashtirdi. Qand lavlagi yetishtirishni mahalliy aholiga o’rgatish uchun Ukrainadan 100 ga yaqin lavlagikorlar, Farg’ona vodiysidan 50 ga yaqin suvchilar jalb etildi. 1903 yil germaniyalik mutaxassislar yordamida Turkiston o’lkasida yagona bo’lgan bu shakar zavodida ilk marotaba oq shakar olishga erishildi. 2-jahon urushi yillarida O’zbekistonga Ukrainadan 3 ta shakar zavodi ko’chirib keltirildi va Samarqand (Kattaqo’rg’on, Zirabuloq), Farg’ona viloyatlariga (Qo’qon) o’rnatildi. Bu 4 zavod (Yangiyo’l zavodi bilan) har yili 200 ming tonnaga yaqin shakar ishlab chiqarib, sobiq Ittifoq aholisi va harakatdagi armiya qismlarini shakar bilan ta’minlab turdi. O’zbekistonda paxta yakkahokimligi tufayli shakar ishlab chiqarish pasayib, 1954-55 yillarda 4 marta kamaydi (50 ming tonna), Markaz qarori bilan O’zbekistondagi shakar zavodlarining barchasi Ukrainaga ko’chirib olib ketildi. O’zbekiston Respublikasida shakar muammosini qisman hal etish uchun 1993 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan shakarni respublikaning o’zida yetishtirilgan xom ashyo — qand lavlagidan olish maqsadida Turkiya mutaxassislari bilan hamkorlikda Xorazm viloyatining Hazorasp shahrida Xorazm shakar zavodini qurish ishlari boshlandi. Korxona 1995 yilda ishga tushirildi. Xorazm viloyati va Qoraqalpog’istonda qand lavlagi yetishtirish yo’lga qo’yildi (loyiha quvvati 1 sutkada 3 ming tonna qand lavlagini qayta ishlab, 300 tonna shakar ishlab chiqarishga mo’ljallangan). Chet ellarda Qand-shakar sanoatida shakarqamishdan shakar ishlab chiqarish AQSh, Kuba, Hindiston, Braziliyada, qand lavlagidan shakar ishlab chiqarish Ukraina, Rossiya, Frantsiya, Germaniyada, Boltiqbo’yi mamlakatlarida rivojlangan, Qozog’iston, Qirg’izistonda ham bu tarmoq korxonalari ishlaydi. Ad.: Markovich P.Ya., Vozniknovenie sveklosaxarnogo prommshlennosti v Turkestanskom krae. Usloviya saxarnogo sveklovodstvo v tashkentskom oazise. Sankt-Peterburg, 1906; Biyashov G.Z., Kulturasaxarnoy sveklm v Kazaxstane. AlmaAta, 1949. Tohir Abdullaev, Vasila Abdullayeva.