Qusam ibn Abbos
Qusam ibn Abbos (taxminan 624- 677) — sahoba. Muhammad (sav)ning amakivachchasi. Xalifa Ali ibn Abu Tolib davrida Makka voliysi bo’lgan. Muoviya davrida Xuroson voliysi Said ibn Usmon bilan birga O’rta Osiyoni fath etishda qatnashgan. Manbalarda aytilishicha, Said dinni kuchaytirmoq va shariat hukmlarini yurgizmoq maqsadida Qusam ibn Abbosni bir necha Islom qo’shini bilan Samarqandda qoldirgan. 677 yil sug’diylar Samarqandga hujum qilganda Qusam ibn Abbos shahid bo’lgan. Banu Nojiya qabristonida g’or yonida (boshqa manbalarda — g’oziylar yonida) dafn etilgan. Sulton Sanjar moziy (1118-1157) zamonasida o’sha qabristonda “Qusamiya” madrasasi solingan. U Obi Mashhad arig’i yaqinida bo’lgan. Amir Temur davrida ushbu mozor ustiga imorat qilinib, turli bezaklar bilan bezatilgan. Xalq orasida Shohizinda (“tirik shoh”) nomi bilan mashhur bo’lgan bu yodgorlik o’rta asr me’morligining noyob obidalaridan sanaladi.