ATLAS
ATLAS (Arabcha —tekis, silliq) — tanda ipi ham, arqoq ipi ham tabiiy ipakdan to’qiladigan bir yuzlama silliq mato. Tanda ipi abrbandi usulida bo’yab bezatiladi. Alohida ishlov berib Atlasga jilo beriladi, shunga ko’ra u tovlanib turadi. Ilgari mato yuziga kudung urilgan, hozirgi kunda Atlas issiq sathli baraban — kalandrdan o’tkaziladi. O’zbek Atlaslari rang-barang nafis gullarga boy, bu gullar bir-biri bilan uyg’unlashib, matoda yaxlit go’zal bir naqshni hosil qiladi. Atlasning tabiiy ipakdan to’qilgan eng a’lo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilishi va to’qilish usulidadir. Atlasning to’qilish jarayoni: to’rt tepkili Atlas to’rt tepkili dastgohda, sakkiz tepkili Atlas sakkiz tepkili dastgohda to’qiladi. Taidaga gulalar tandaning har sakkiz naxi to’qilishda ustma-ust keladigan qilib ko’tariladi, naxlar tepkilarga muvofiqlashtirilib, gulalar o’ynag’ichlarga ulanadi. Tepki bosilganda gulaning biri pastga tortilib, ustmaust yotgan naxlardan birining komi ochiladi va orasidan birinchi arqoq ipi o’tadi, ikkinchi tepki bosilsa, ikkinchi komi ochilib, ikkinchi arqoq ipi o’tadi. Shu tariqa sakkiz nax orasiga sakkiz arqoq ipi ustma-ust tushib, tanda ipi matoning ustiga tomon joylana borib to’qima bir yuzlamaga aylanadi. Qadimda Atlaslar dastaki dastgoh (qo’l do’kon) larda to’qilgan. Hozir dastaki dastgohlarda ham, mexanik dastgohlar (to’quv stanoklari) da ham to’qiladi. Mexanik dastgohlarni elektr dvigatel harakatlantiradi. O’tmishda Atlasning bir kiyimligi yaxlit holda ham, ikki bo’lakka bo’lib ham sotilgan. Ikki bo’lakka bo’lingan Atlasning har bir bo’lagi bir toqa Atlas, ikkala toqasi (bir kiyimligi) bir jo’ra Atlas deb nomlangan. Atlasni toqa-jo’ra qilish 1930 yillarda urfdan qoldi. Atlas to’qish Marg’ilonda juda qadimdan rivojlangan, boshqa joylarga shu yerdan tarqalgan. 20 – asr boshlarida bu yerda yuzlab Atlas to’quvchi kosiblar bo’lgan, 20-yillarda ular 4 ta sanoat artellariga uyushgan. 1963 yilda bu artellar birlashtirilib yirik korxona — “Atlas” firmasiga aylantirildi. 1976 yildan Marg’ilon Atlas ishlab chiqarish birlashmasi. Atlas to’qish, ayniqsa, Namangan (Namangan shoyi ishlab chiqarish birlashmasi), Xo’jandda, shuningdek Andijon, Qo’qon, Samarqand shlarida rivoj topgan. Atlasdan ayollar liboslari, ko’rpa, ko’rpachalar, erkaklar qiyig’i va boshqa buyumlar tayyorlanadi. Eng mashhur Atlaslar: “Qora atlas”, “Bargi karam”, “Chaqirim”, “Yahudiy nusxa”, “Nomozshomgul”, “Shaxmat”, “Qora ko’zim” va boshqalar. O’zbekiston Atlaslari respublika hududidan tashqari — xorijiy mamlakatlarga ham chiqarilmoqda. 1967 yilda Monreal (Kanada)da o’tkazilgan xalqaro ko’rgazmada, 1978 yilda Yugoslaviyaning Zagreb shahrida bo’lib o’tgan xalqaro yarmarkada xonatlas Oltin medal bilan mukofotlandi. Toshkent modellar uyida xonatlasdan tiqilgan tayyor kiyimlar 1970 yilda Yaponiya (Osako)da, 1987 yilda Budapesht kuzgi yarmarkasida, 1988 yilda Bag’dodda, 1989 yilda Hindiston (Dehli) da bo’lib o’tgan xalqaro yarmarkalarda, AQShning Vashington (1998) va Chikago (1999) shaharlarida xususiy yig’imlardagi o’zbek Atlaslari namoyish etildi. Sayyora Mahkamova.
ATLAS — 1) tushuntirish matnlari bo’lgan muayyan tizimli xaritalar to’plami, jildlar yoki ayrim varaqlar yig’indisi shaklida nashr qilinadi; 2) maxsus albomlar — anatomik Atlas va hokazolar nomi.
“ATLAS” — Amerika eltuvchi raketalari turkumining nomi; “Atlas” sayyoralararo ballistik raketasining dastlabki ikki pog’onasi sifatida foydalaniladi. Start massasi — 125 — 135 tonna, umumiy uzunligi 31 — 35 metr. “Atlasajena” va “Atlas-Tsentavr” variantlari mavjud. “Midas”, “Samos” Esyni, sayyoralararo avtomatik stasinsiyalar “Reynter”, “Mariner” va boshqalarni parvoz qildirish uchun qo’llaniladi. Raketa dvigateli yonilg’isi — suyuq kislorod va kerosin.