Qaldirg’ochlar
Qaldirg’ochlar — sayroqi chumchuqsimonlar oilasi. Uzunligi 10— 23 santimetr. Qanotlari uzun va ingichka; uzoq va tez (27,5 m/sekundgacha) uchishga moslashgan. Deyarli faqat hasharotlar bilan oziqlanadi. Oyoqlari kalta, yerda yaxshi yurolmaydi. Shuning uchun erga faqat in qurish davrida material yig’ish uchun qo’nadi; o’ljasini havoda tutadi; suv ustida past uchib, suv ichadi va cho’miladi. Qaldirg’ochlarning 20 urug’i va 79 turi ma’lum. Arktika va Antarktidadan tashqari barcha hududlarda tarqalgan. O’zbekistonda 4 uruqqa mansub 6 turi (shahar qaldirg’ochi, tog’qaldirg’ochi, qirg’oq qaldirg’ochi, kichik qaldirg’och, tuyaqaldirg’och, qishloq qaldirg’ochi) uchraydi. Qishloq qaldirg’ochi respublikamizdagi barcha shahar va qishloqlarda binolarning shifti ostidagi to’sinlarga va devoriga yarimsharsimon uya quradi. Bunda so’lak bilan aralashtirilgan loydan foydalanadi. Uyasiga 2-7 taga yaqin tuxum qo’yib, urg’ochisi va erkagi navbat bilan bosadi. Qaldirg’ochlar qon so’ruvchi hasharotlarni qirib, katta foyda keltiradi.