“Qayroq o’yin”
“Qayroq o’yin” — o’zbek raqsi turlaridan, Xorazm xonligi va Buxoro amirligi hududida, asosan, shaharlarda yashovchi professional raqqos va raqqosalar tomonidan juft qayroqlar yordamida ijro etib kelingan raqslar turkumi. “Qayroq o’yin” zardushtiylik bilan bog’liq holda qadim zamonlarda paydo bo’lib, asrlar davomida mazmunan va shaklan o’zgarib, bizning davrimizgacha etib kelgan. Dastlabki davrlarda o’yinchilar qayroq bilan usul berib o’ynash orqali Arximan va uning lashkarlari insujin- slarni haydaganlar va shundan zavqlanib raqsga tushganlar. Borabora bunday raqslar diniy e’tiqod qobig’idan chiqib, dunyoviy san’at, tomosha shaklini egallab, malakali raqs ustalari repertuarlaridan o’rin egallagan. Hozir ham Xorazm vohasida, Buxoro va Samarqandda bunday raqslar yashab kelmoqda. “Qayroq o’yin”da qayroq orqali ular bir-biriga urib va dirillatib (rez berib), kuyga mos usul beradi. Usullarning xilmaxilligi o’yinchining mahoratiga bog’liq. Usullarga mos raqs harakatlari ishlatiladi va ular o’zgarib boradi. “Qayroq o’yin” yakka raqqos yoki ko’pchilik tomonidan ijro etilishi mumkin. Ansamblda qayroqlar bilan usul berishda jo’rovozlik talab qilinadi. Xorazmda juft qayroqning bittasi ko’pincha temir bo’lgani uchun usul yorqin chiqadi. “Qayroq o’yin” xalq tsirkining yog’ochoyoq o’yinlarida, dorbozlarning chiqishlarida ham ishlatiladi. Farg’ona vodiysida qayroqlar o’rnida likopchalar, Surxondaryo va Qashqadaryo vohalarida qoshiqlar, tayoqlar bilan raqsga tushiladi. “Lazgi”, “Bahor”, “Shodlik”, “Zarafshon” ansambllarida “Qayroq o’yin” asosida zamonaviy raqslar yaratilgan. Navro’z va Mustaqillik bayramlari teatrlashgan tomoshalarida Buxoro sozandalari va Xorazm raqs ustalarining dasturlarida “Qayroq o’yin” muhim o’rin egallab kelmoqda. Muhsin Qodirov.