Qadimgi fors yozuvi
Qadimgi fors yozuvi — mixxat turlaridan biri; mixsimon (ponasimon) belgilardan iborat, bir qancha ideogrammalar qo’shilgan bo’g’inli yozuv. Eronda miloddan avvalgi 6-4-asrlarda — Doro I davridan to Artakserks III davrigacha Axomaniylarning bitiklarida qo’llangan. Shaklan Ugarit, Bobil mixxatlariga o’xshasa ham, kelib chiqishi jihatidan bevosita ular bilan bog’liq emas. Qadimgi fors yozuvining kelib chiqishi haqida 2 xil nuqtai nazar mavjud; 1) Doro I ning o’zi yozib qoldirgan ma’lumotga ko’ra, Qadimgi fors yozuvi uzoq taraqqiyot natijasi emas, avval boshdanoq mukammal va yaxlit bir yozuv bo’lgan; ushbu yozuvni shohning o’zi, ehtimol, uning olimmirzolaridan biri kashf etgan. Bunda yozuv ixtirochisi bobil yozuvini ham, g’arbiy som bo’g’inli yozuvini ham bilganligi taxmin qilinadi; 2) nemis olimi I.Gelbning fikriga ko’ra, Qadimgi fors yozuvi Bobil mixxatidan bo’g’inli yozuvgacha uzoq rivojlanish yo’lini o’tish natijasida paydo bo’lgan. Nemis olimi I.Fridrix esa mazkur nuqtai nazarlarga yakun yasab, Qadimgi fors yozuvi 2 xil yozuv tizimi (Bobil mixxati va g’arbiy som bo’g’inli yozuvi) ning nomukammal qo’shilishidan kelib chiqqan bo’lishi mumkin, deb hisoblaydi. Ad.: Fridrix I., Istoriya Pisma, Per. s nem., M., 1978.