Qashqar, Qoshg’ar
Qashqar, Qoshg’ar (Xitoy manbalarida Kashi, Kashiger) — XXRning g’arbiy qismidagi shahar. Sintszyan-Uyg’ur muxtor rayoni (Sharqiy Turkiston)da, Tarim vohasining shimoli g’arbida Qizilsuv daryosi sohilida joylashgan. Mazkur toponim “qosh toshi (nefrit) koni” degan ma’noni anglatadi. Aholisi 400 ming kishidan ziyod (2005). Qashqar qadimdan Buyuk ipak yo’lidagi chorraha va yirik savdo markazi bo’lib kelgan. Movarounnahr, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarga qatnovchi karvonlar Qashqar orqali o’tgan. Qashqar ko’hna va yangi shahar qismlariga bo’linadi. Me’moriy obidalari va turar joy binolari Toshkentning eski va yangi qismlariga o’xshash. Shahar to’g’risidagi dastlabki yozma ma’lumot miloddan avvalgi 2-1-asrlarga oid Xitoy manbalarida suli (suvlik, Sulek) nomi bilan uchraydi va o’sha davrlarda 1500 oilaga ega xonlik poytaxti bo’lgan (bu davlat 7-asrning o’rtalarigacha mavjud edi). “Suli” atamasi Qashqar chekkasidagi bir tumanning nomi sifatida hozirgacha saqlanib qolgan. Qashqar keyinroq hunlar, Kushonlar, eftalitlar davlatlari, Turk xoqonligi (5-7-asrlar), Uyg’ur xoqonligi (7-9-asrlar) tarkibiga kirgan. 10-12-asrlarda Qashqar Qoraxoniylar xoqonligi poytaxti bo’ldi. Shu davrda shahar madaniy jihatdan yuksaldi. Qashqarda yirik olimlar, jumladan, Mahmud Koshg’ariy, Yusuf xos Hojib va boshqalar faoliyat ko’rsatdi. Mo’g’ullar davrida ham Qashqar yirik madaniy markaz sifatida saqlandi. Mo’g’ul noibi mas’ud Yalavoch davrida yirik kutubxonaga ega bo’lgan madrasa qurilgan. Keyinroq Qashqarni dug’lot amirlari boshqardi. Abu Bakr davrida (1480-1514) Tumin va Qizilsuv daryolari oralig’ida yangi Qashqar shahri qurildi. Yorkend xonligi (1465— 1759) va jung’orlar hukmronligi davrida poytaxt Qashqardan Yorkend shahriga ko’chirilgandan keyin ham Qashqarning mavqei Sharqiy Turkistondagi eng yirik savdo va Islom dini markazi sifatida saqdandi. Qashqarda Mahdumi A’zam (1461 — 1541) va uning Qoraxoniylar avlodidan bo’lgan xotini Bibicha Qoshg’ariydan tug’ilgan o’g’li Isoq Vali va uning avlodlari, jumladan, Ofoqxo’ja yashadi. 1755-1759 yillarda Xitoyda tashkil topgan manchjurlar xoqonligi (Tsin) Sharqiy Turkistonni istilo qilganidan so’ng Qashqar mazkur o’lkadagi ikkinchi darajali ma’muriy markaz bo’lib qoldi. Qashqarda qo’rg’oshinrux va volfram rudalari, qimmatbaho toshlar qazib olinadi. Qishloq xo’jaligi mashinalari, ximikatlar, teriga ishlov berish, to’qimachilik mahsulotlari, zargarlik va misgarlik buyumlari, gilamlar, qurilish materiallari, musiqa asboblari, pichoqlar ishlab chiqariladi. Qashqar qadimdan hunarmandchilik buyumlari bilan mashhur. Qashqartemir yo’l orqali XXRning barcha yirik shaharlari bilan bog’langan. Shaharda 1979 yilda qurilgan “Osiyo bozori” xalqaro savdoda muhim o’rin tutmoqda. Ayni zamonda Qashqar yirik xalqaro turistik shaharga aylantirilgan. Shaharda Yusuf xos Hojib maqbarasi, Ofoqxo’ja maqbarasi va madrasasi, Hayitgoh (Namozgoh) jome masjidi va madrasasi mavjud. Shahar maydoniga Mao Szedunning balandligi qariyb 40 metrli haykali o’rnatilgan. Shahar yaqinida Mahmud Koshg’ariy va Sotuq Bug’roxon maqbaralari mavjud. Qashqardan 18 kilometr shimolda Beshkerem daryosining Janub sohilidagi tepalikda 3 ta g’or bor. G’orda saqlanib qolgan 70 dan ortiq haykal va devoriy rasmlar Qashqar bundan ikki ming yil muqaddam budda dini markazlaridan biri bo’lganligidan dalolat beradi.