Qarindoshlik

Qarindoshlik (huquqda) — insonlar o’rtasida qon jihatdan o’zaro bog’liqlik, aloqadorlik. Kishilar o’rtasida qonqarindoshlik va urug’aymoqlik aloqalarining mavjudligi muayyan huquqiy oqibatlar yuz berishiga (huquqlar va majburiyatlar paydo bo’lishiga) sabab bo’ladi. O’zbekiston Respublikasining oila kodeksida Qarindoshlik tushunchasiga ta’rif berilgan. Ushbu kodeksning 57-moddasiga ko’ra, bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. 2 shaxs o’rtasida to’g’ri shajara bo’yicha Qarindoshlikning yaqinligi Qarindoshlik darajasi bilan belgilanadi. To’g’ri shajara bo’yicha Qarindoshlik o’zaro farqlanadi. O’zbekiston oila huquqi bo’yicha, Qarindoshlik munosabatlarining mavjudligi o’zaro shaxsiy hamda mulkiy huquqlar va majburiyatlarni yuzaga keltiradi (ota-onalarning o’z farzandlariga bo’lgan huquqi, aliment huquq va majburiyatlari, yaqin qarindoshlar o’rtasida nikoh qayd etilmasligi va hokazolar). Fuqarolik huquqida Qarindoshlik ota-onaning o’z voyaga yetmagan farzandlariga qonuniy vakillik qilishi huquqlari va majburiyatlarini keltirib chiqaradi. Vorislik munosabatlari qonun bo’yicha meros ochilgan hollarda Qarindoshlik aloqalariga ko’ra tartibga solinadi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 68bobida (1134— 1157-moddalar) qonun bo’yicha vorislik munosabatlari va ularni tartibga solinishiga doir qoidalar belgilangan. Ushbu qoidalarga ko’ra, qonuniy vorislik Qarindoshlikning darajasi (vorislik navbatlari)ga asoslanadi. Shunga ko’ra, Qarindoshlik aloqalarining yaqinuzoqliligiga qarab vorislikning beshta navbati belgilangan. Oldingi navbatda turgan vorislarning yo’qligi, ularning merosdan voz kechishi yoki mahrum etilganligi navbatdagi vorislarga meros olish huquqini beradi. Qarindoshlik mehnat huquqida ham ahamiyatlidir. Masalan, 16 yoshga to’lmagan o’smirlarni ishga qabul qilish uchun uning otasi yoki onasi yozma rozilik berishi lozim (O’zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 77-moddasi). Yaqin Qarindoshlik aloqasida bo’lgan shaxslarning bitta davlat korxonasida birga ishlashlari taqiklanadi (mehnat kodeksining 79-moddasi). Bu qoidadan istisnolar O’zbekiston Respublikasining hukumati tomonidan belgilanishi mumkin. Ota yoki ona xavfli mehnat sharoitida ishlayotgan o’z farzandini ishdan bo’shashini talab qilishi mumkin (Mehnat kodeksining 247-moddasi). Qarindoshlik aloqalari ijtimoiy ta’minot huquqida ham ahamiyatga ega. Bunda boquvchisini yo’qotganlik pensiyasi, ijtimoiy nafaqalarning ayrim turlarini tayinlash chog’ida marhum boquvchi shaxs bilan uning qaramog’ida bo’lib kelgan voyaga yetmaganlar o’rtasida q.ning mavjudligi asos qilib olinadi (O’zbekiston Respublikasining “fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi Qonunining 19-moddasi). Qarindoshlik boshqa hollarda ham huquqiy ahamiyatga ega. Shoira Yo’ldosheva.