Qog’oz
Qog’oz — asosan, o’simlik tolalaridan tayyorlanadigan yupqa material. Turli xil jinsdagi daraxt yog’ochi va bir yillik o’simlik tsellyulozasi hamda yog’och massasidan ishlanadi. Qog’oz massasiga o’simlik tolalaridan tashqari turli qo’shimcha (to’ldirgich)lar, masalan, oq tus beradigan, zich, silliq qiladigan, bo’yoq olish xususiyatini yaxshilaydigan mineral moddalar (kaolin, talk va boshqalar); siyohni yoyiltirmaydigan yoki qog’ozni puxta va zich qiladigan yelimlovchi materiallar (kanifol yelimi, kraxmal, smola va hokazolar); bo’yagichlar, kimyoviy tolalar va boshqalar qo’shiladi. Qog’oz dastlab (2-asr) Xitoyda olingan. Tsay Lun o’simlik tolalarining suvli bo’tqasini to’rdan o’tkazib, Qog’oz olishga muyassar bo’lgan. Bu usul ko’p vaqtlargacha sir saqlab kelindi, 6-asr boshlarida Yaponiyada joriy qilindi. 6-8-asrlarda Qog’oz ishlab chiqarish Osiyodagi boshqa mamlakatlarga tarqaldi. 7-asrning boshlaridan — 19-asrning 1-yarmigacha Samarqandda ishlab chiqarilgan Qog’oz Turkistondagina emas, balki qo’shni mamlakatlarda ham mashhur bo’lgan. Keyinchalik Qog’oz tayyorlash arablar orqali Eron, shimoliy Afrika va Kiprga, keyinroq esa Ispaniya, Marokash va boshqa mamlakatlarga yoyildi. Qog’oz bungacha yozuvda ishlatib kelinayotgan Papirus va boshqa materiallarni siqib chiqardi. Keyinchalik (taxminan 10-asrda) Qog’oz ishlab chiqarish Ispaniyadan Yevropadagi barcha mamlakatlarga, shu jumladan, Rossiyaga o’tdi. 15-16-asrlarda kitob bosish kashf qilinganidan keyin Qog’oz ishlab chiqarish sur’ati tezlashdi. 17— 18-asr mobaynida Gollandiyada yangi tuyish apparati — roll ixtiro qilindi, frantsuz ixtirochisi N. L. Rober qo’l bilan uzluksiz aylantirib turiladigan sim to’rli Qog’oz quyish mashinasini yaratdi. Keyinchalik bu sodda mashinaga presslash, quritish, kalandr va rulon qilib o’rash sektsiyalari qo’shildi. 19-asr 60-yillarida Qog’oz mashinasi deyarli hozirgi Qog’oz mashinasi kabi qismlardan iborat bo’lgan. Keyinchalik Qog’oz mashinasining barcha qismlari takomillashtirildi. Qog’oz ishlab chiqarish tezligi o’nlarcha marta oshirildi. Latta xom ashyosi o’rniga yog’och tsellyulozasi tolalari ishlatiladigan bo’ldi. Qadimgi roll mashinasi uzluksiz ishlaydigan tuyish apparatlariga almashtirildi. Sintetik polimer smola va tolalar borgan sari ko’proq ishlatiladigan bo’ldi va Qog’oz ishlash texnikasi takomillashtirildi. Qog’ozning 600 dan ortiq turi bor. Qog’oz, asosan, yozish, daftar va kitoblar chiqarish uchun ishlatiladi. Ko’pchilik hollarda Qog’oz va karton to’qimachilik, yog’och ishlash va shisha sanoati mahsulotlari bilan raqobatlashmoqda. Ular turli metall buyumlari o’rnini egallamoqda, konstruktsion, izolyatsiyalovchi, qistirma, filtrlovchi, pardozlovchi va hokazolar. Materiallar sifatida ishlatilmoqda. Qog’oz qanday maqsadlarda ishlatilishiga ko’ra, massasi (1 metrda 4-250 gramm). qalinligi (4 millimetrdan 400 millimetrgacha). Mexanik xossalari (uzilish uzunligi, sinish, ezilish, titilish. siqilish, buralish), yelim olishi, kulliligi, namliligi, rangi, oqliligi, silliqligi, singdirish qobiliyati, havo, bug’, yog’ o’tkazmasligi, dielektrikligi va boshqa xossalari bilan ifodalanadi. Xalqaro tasnifga ko’ra, Qog’oz quyidagilarga bo’linadi: matbuot Qog’oz (bosmaxona, ofset, illyustrasiya, kartografiya, bo’rlangan Qog’oz) — juda silliqligi, oqligi, bosma bo’yoqni yaxshi singdirishi bilan ajraladi. Gazeta Qog’oz bilan gul (oboy) Qog’oz ham shu sinfga oid. Yozuv Qog’oz (yozuv, pochta, konvert, kartochka Qog’oz) — yelim olishi, singdirish xususiyatining kichikligi, juda silliqligi bilan ajraladi. Chizmachilik-rasmchilik Qog’oz (rasm, chizmachilik, chizmachilik kalkasi Qog’oz) — elimni yaxshi oladi. Elektro-izolyatsion Qog’oz (kondensator, kabel, telefon, izolyatsion-o’rov Qog’oz) — mexanik mustahkamligi, dielektriklik xossasi yaxshiligi bilan ajraladi. Papiros Qog’oz (mundshtuk, papiros, sigaret, chekma Qog’oz) — bu sinf Qog’ozning kompozisiyasi. xossasi va tayyorlanish texnologiyasi turlicha. Shimuvchi Qog’oz (filtr, bosma, singdiruvchi Qog’oz) — fibra, pergament, sanitariya-gigiena mahsulotlari va boshqa tayyorlashda ishlatiladi. Apparat Qog’oz (telegraf Lentasi, Krid lentasi, perfokarta Qog’oz) — mexanik mustahkamligi bilan ifodalanadi. Yorug’lik sezgir Qog’oz — mexanik mustahkamligi, yaxshi yelim olishi bilan ajraladi, fotografiyada ishlatiladi. Ko’chirish Qog’oz (kopirovka va ko’chirish Qog’oz) — maxsus ishlov berib tayyorlanadi. O’rov Qog’oz — oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat tovarlarini o’rash uchun ishlatiladi. Sanoat-texnika Qog’oz (patron, jilvir, diffuzor tovush yozib olish, ip o’rashda ishlatiladigan va hokazolar) — paxta tolasi, asbest, sun’iy tolalardan oddiy usulda ishlab chiqariladi. Qog’oz bo’tqasini tayyorlash texnologiyasi tola materiallarini tuyish; tolaga mos kompozitsiya tuzish; suspenziya, to’ldirgich, bo’yagichlar tayyorlash; Qog’oz braklarini qayta ishlashni o’z ichiga oladi. Qog’oz qogoz tayyorlash mashinasida olinadi. U uzluksiz ishlaydigan ko’p sektsiyali agregat. Unda sersuv tola suspenziyasidan Qog’oz va ba’zi bir turdagi karton olinadi. Qog’oz tayyorlash mashinasi 2 asosiy turga: yassi to’rli (asosiy qog’oz turlari ishlab chiqariladigan) va dumaloq to’rli (ba’zi qog’oz turlari va karton ishlab chiqariladigan) tiplarga bo’linadi.