Qozi

Qozi (Arabcha — ijro etuvchi, hukm chiqaruvchi) — musulmon davlatlarida hukmdor tomonidan tayinlanib, shariat asosida sud vazifasini bajaruvchi, sudya, shar’iy mahkama raisi. Dastlab Qozilarni Muhammad payg’ambar, undan keyin xalifa Umar tayinlagan. Xulofoi roshidin davrida Qozilar faqat fuqarolik ishlarini ko’rib chiqardi, jinoiy ishlarni hal qilish xalifa yoki viloyat hokimlarining vakolatiga kirardi. Javobgar yuksak maqom egasi va iqtidorli kishi bo’lganda unga tegishli ish mazolim Qozisi (mazolim volisi)ga topshirilardi. Shikoyatlar bilan shug’ullanuvchi bu idoraga davlat rahbari yoki u tayinlagan baobro’kishi boshchilik qilardi. Mazolim sudida da’vogar va javobgardan tashqari Qozilar, muftiylar, salohiyatli kotib, ichki ishlar rahbarlari, xavfsizlik xodimlari ishtirok etardi. Mazolim Qozisi hokimlar, davlat mulozimlari, soliqchilardan shikoyatlar bo’yicha ishlarni, zo’ravonlik bilan tortib olingan shaxsiy mulk yoki vaqf mulklariga oid ishlarni, Qozilar chiqargan qarorlarning bajarilmasligi hollari, ko’pchilik manfaatiga qarshi qilingan tajovuzlarga doir ishlarni ko’rib chiqardi. Qozi Musulmon bo’lmagan fuqarolarning ishlarini ularning diniy kitoblari (Tavrot, injil) asosida hal qilardi. Qozining hukmi ustidan xalifaga shikoyat qilish mumkin bo’lgan. 8-asrning 2-yarmida abbosiylar davlatida oliy Qozi — qoziul-quzzot lavozimi joriy qilingan. Amalda Qozi lavozimini o’z obro’siga dog’ tushirmagan, ilmu idrokli va shariat qonunlarini yetarlicha biladigan, yaqqol ko’rinib turgan jismoniy nuqsoni bo’lmagan sog’lom va Odil har bir erkin (qul bo’lmagan) musulmon egallashi mumkin edi. Qozi davlat g’aznasidan ta’minlab turilgan. Ba’zan Qozi umumiy vakolatga ega bo’lib, butun mamlakat bo’yicha hukm chiqara olgan, ba’zan uning vakolati bir viloyat yoki shahar hududi bilan cheklangan. Qozi o’z shahri yoki viloyatidagi barcha fuqarolik va jinoiy ishlarni olib borish, jamoatchilik axloqi saqlanishini nazorat qilish, zarur bo’lgan taqdirda odamlar va mulkka vasiylikni tayinlash, vaqf mulklarini nazorat qilish, jamoat binolari va inshootlar, yo’llar, ko’chalar va maydonlarning holatini kuzatib turish, meros bo’linishini va vasiyatga rioya qilinishini, Qozi hukmlari to’g’ri bajarilishi va to’g’ri jazo belgilanishini kuzatish, huquqni muhofaza qilish idoralari va turma nozirlarini nazorat qilish, zakot, sadaqa va boshqa jamoat mablag’lari to’g’ri yig’ilishi hamda taqsimlanishini kuzatib borish, zarbxona, baytulmol (dashsht xazinasi)ni nazorat qilish kabi ishlarni bajarardi. Qo’shinlar Qozisi qo’lga kiritilgan harbiy o’ljani baholashi va uning to’g’ri taqsimlanishini kuzatishi kerak bo’lgan. Buning uchun u harbiy huquqni yaxshi bilishi lozim edi. Ayrim hollarni hisobga olmaganda Qozilar asosan faqihlar orasidan chiqqan. O’zbekiston hududida, xususan Toshkent shahrida 20-asrning 30-yillari boshigacha qozilar sudi mavjud bo’lib, shariatga tegishli muammolarni ko’rib, hal qilib kelgan. Abdulhakim Juzjoniy.