To’rg’ay platosi

To’rg’ay platosi, To’rg’ay supasimon o’lkasi — Qozog’istonning shimoli g’arbidagi platosimon qir. Shimolda G’arbiy Sibir tekisdigi, g’arbda Janubiy Ural va Mug’ojar tog’lari etaklari, sharkda Qozog’iston past tog’lari, Janubda Turon pasttekisligi bn chegaradosh. To’rg’ay platosi chekka qismining mutlaq balandligi 200-300 metr. To’rg’ay soyligi (yo’lagi)ni ham o’z ichiga oladi. Meridional yo’nalishda 630 kilometr, kenglik bo’ylab 300 kilometrga cho’zilgan. To’rg’ay platosi to’lqinsimon tekislik bo’lib, asosan, pastroq qirlar (supa tog’lar) va yassi tekisliklardan iborat. Ular orasida esa quruq vodiylar joylashgan. Platoda shamol va suffozion jarayonlar natijasida vujudga kelgan botiqchalar ko’llar bn band. To’rg’ay platosining o’rta qismi pastroq (To’rg’ay soyligida 80-150 metrga pasayadi). Platoning zamini paleozoy davri kristalli tog’jinslaridan tuzilgan, ularning ustini qalin mezozoy va kaynozoy g’ovak jinslari (gil, mergel, qum, konglomerat va boshqalar) qoplagan. Iqlimi keskin kontinental va quruq, qishi sovuq va uzoq, yozi issiq. Jan.ga borgan sari qurg’oqchil. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimol qismida -15°, — 16°, Janubda -13°, -14°. Iyulning o’rtacha temperaturasi shimolda 23°, Janubda 25°. Ba’zi yillari qishda temperatura -45°, -46° ga pasayadi, yozda esa 42°, 44°ga ko’tariladi. Yillik yog’in, shimolda 3000— 3500 mm, Janubda 150-200 mm. Daryo kam, shimolga Tobol va uning tarmog’i — Ubagan, Janubga qarab To’rg’ay, Irg’iz va boshqa daryolar oqadi. Yirik ko’llari: Qushmurun, Oqsaut, Sariqara, Tentekso’r, Qaraso’r va boshqalar To’rg’ay soyligida joylashgan. To’rg’ay platosining shim. qismi dasht landshaftlaridan iborat. Och rangli qoratuproqlar, Janubda kashtan, qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Dare vodiylarida o’tloq, ko’llar atrofida sho’rxokbotqoq tuproqiar uchraydi. O’simliklardan shim. qismida chalov, betaga, Janubda chalov, betaga bilan birga burgan, shuvoq, sho’ralar, daryo, ko’l bo’ylarida qarag’ay, tol, terak va qamishzorlar tarqalgan. Yovvoyi hayvonlardan yumronqoziq, qo’shoyoq, sichqon, bo’ri, tulki, bo’rsiq va b. yashaydi. Qushlardan tuvaloq, bizg’aldoq, to’rg’ay, ko’llarda o’rdak, g’oz va b. uchraydi. Temir, ko’mir, boksit, tuz konlari bor. Donli ekinlar ekiladi. Chala cho’l zonasida joylashgan Jan. qismidan yaylov sifatida foydalaniladi. To’rg’ay platosida yirik magnetit temir rudasi (Sokolovsk, Sarbay, Kachar); boksit, ko’mir konlari va boshqa konlar bor. Naurzum qo’riqxonasi tashkil etilgan.