ATMOSFERA TSIRKULYATSIYASI
ATMOSFERA TSIRKULYATSIYASI (lotincha circulatio — doiraviy aylanish) — gorizontal o’lchami materik va okeanlarga, qalinligi bir necha km dan o’nlab kilometrlarga teng bo’lgan juda katta ko’lamli havo oqimlari sistemasi. Materik va okeanlar sirtining turlicha isishi, havo oqimlarining ishqalanishi va yerning aylanishi ta’siridagi og’ishi, shuningdek to’lqin va girdoblar hosil bo’lishi (planetar Atmosfera tsirkulyatsiyasi, global Atmosfera tsirkulyatsiyasi) tufayli vujudga keladi. Havo massalarining ko’chib yurishi kengliklararo va meridianal yo’nalishda ro’y beradi. Troposferada eng turg’un oqimlarga passat, antipassat va mussonlar kiradi. Havo massalarining ko’chishi katta ko’lamdagi girdoblar tufayli o’zgarishi mumkin. Stratosferaning yuqori qismlarida havo oqimlari zonal (yozda Sharqiy, qishda g’arbiy yo’nalishda) bo’ladi. Atmosfera tsirkulyatsiyasi yildan-yilga yoki bir ko’p yillik davrdan boshqa ko’p yillik davrga o’zgarib turishi yer atmosferasi Quyoshdan oladigan radiatsiya miqdori bilan, ya’ni Quyosh faolligi bilan belgilanadi. Atmosfera tsirkulyatsiyasi iqlimni shakllantiruvchi muhim jarayon; yerning har qanday joyidagi iqlim xususiyatlari umuman doimiy Atmosfera tsirkulyatsiyasiga, qishloq xo’jaligida barcha turdagi ishlarni olib borishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan ayrim yillar ob-havosining xususiyatlari esa tsirkulyasiyaning yildan-yilga o’zgarishiga bog’liqdir. Atmosfera tsirkulyatsiyasini o’rganish xalq xo’jaligi va qishloq xo’jaligini meteorologik ma’lumotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.