ATMOSFERA ELEKTRI
ATMOSFERA ELEKTRI – atmosferada sodir bo’lib turadigan hodisalar tufayli paydo bo’ladigan elektr. Bunga har xil meteorologik elementlar, ayniqsa, bulut, yog’in, momaqaldiroq, chang bo’ronlari katta ta’sir qiladi. Shuning uchun Atmosfera elektri asosan “ochiq” yoki “risoladagi” ob-havoda o’rganilgan. Atmosfera elektrining paydo bo’lishiga ionizatorlar yordamida ionlashgan molekula va atomlar shaklidagi elektr zaryadlari sabab bo’ladi. Bunda hosil bo’lgan ionlar massalari bilan bir-biridan farqlanadi. Atmosfera gaz molekulalari to’plamidan tashkil topgan va 15 — 30 molekula massasidan iborat bo’lgan ionlar yengil, bundan taxminan 2000 marta katta ionlar og’ir ionlar deb yuritiladi. 1 santimetr kub havoda taxminan ikki xil ishorali 500 — 600 yengil ion borligi aniqlangan. Og’ir ionlar soni juda ham o’zgaruvchan bo’lib, 1 santimetr kubda bir necha minggacha yetadi, ko’pincha, yer yuziga yaqin qatlamda uchraydi. Atmosferaning asosiy ionizatorlari: 1) atmosferaning hamma qatlamlariga ta’sir etuvchi kosmik nurlar; 2) atmosfera va yerdagi radioaktiv moddalarning nurlanishi (ular 5 — 6 kilometr balandlikkacha ta’sir qiladi); 3) Quyoshning Ultra-binafsha va korpuskulyar nurlari (ular ATM.ning 50 — 60 kilometrdan yuqori qatlamlarida ta’sir qiladi). Atmosferaning ionlanishi tufayli elektr maydoni va elektr toklari paydo bo’ladi, havo elektr o’tkazuvchan bo’lib qoladi. Havoning elektr o’tkazuvchanligi balandlik oshgan sari keskin oshadi va ionosfera qatlamlarida katta miqdorga etadi. Elma chiroqlari’ayashin Atmosfera elektrining ko’rinishlaridan biridir. Atmosfera elektrining elektr uzatish va aloqa tarmoqlariga, aviasiyaga, baland bino va qurilmalarga zararli, ba’zan xavfli ta’siri mavjud.