Tunuka

Tunuka — metallni prokatlab tayyorlanadigan yupqa yumshoq po’lat list. Listning qalinligi, eni va uzunligi bo’yicha standartlab qo’yiladi. Qalinligi odatda 0,21—0,30 millimetr va 0,30—0,48 millimetr, 0,45—1,0 millimetr bo’ladi. Tashqi ko’rinishiga ko’ra, ruxlangan oq va ruxlanmagan qora Tunukalar farqlanadi. Tunuka listlari issiq holatda 8 tadan, sovuq holatda 4 tadan qo’yib prokatlanadi. Listlarni sovuqlayin prokatlash usuli keng tarqalgan. Tunukani zanglash (korroziya) dan asrash uchun sirtiga himoya qatlami (rux, xrom, maxsus lok va boshqalar) qoplanadi. Tunukalar imorat tomlarini yopishda, turli ro’zg’or buyumlari (manti qasqon, samovar karnay va boshqalar) tayyorlashda ishlatiladi.