Quryozov To’ra

Quryozov To’ra (1938.24.2, Xiva tumani Juryon qishlog’i) — rangtasvir ustasi, O’zbekiston xalq rassomi (1999). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1960) hamda Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (1975) ni tugatgan. Qoraqalpog’iston davlat san’at muzeyida rassom (1960-70), O’zbekiston rassomlar uyushmasining Qoraqalpog’iston Muxtor respublikasi va Xorazm viloyati hududiy bo’limi rahbari (1970-75); 1975 yildan Toshkent shahrida yashab ijod qiladi. Quryozov ijodining dastlabki davrida zamondoshlari (ayniqsa, mehnat ahli)ning portretlarini yaratdi (“Turkman qizi”, 1960; “Xiva manzarasi”, 1961; “Jumagul portreti”, “Gulsara portreti”, 1967; “Prorab Abdulla portreti” “chavgon o’yini”, 1980 va boshqalar). 1980-yillardan Xorazmning qadimgi tarixi, etnografiyasi, madaniyati, davlat arboblari va allomalarini ramziy va majoziy unsurlar vositasida tasvirlaydi: “ilon hayqirig’i”, “Tuproqqal’a” (1987), “Alvido, Orol!» (1991), “Olloqulixon madrasasi” (1991), “Xiva. Bozorga”, “Jaloliddin jangda” (1991), “Uyg’onish” (1993), “Ogahiy”, “Najmiddin kubro” (1996), “Jaloliddin Manguberdi” (1998, ushbu asar qahramon portretining namunasi sifatida qabul qilingan), “Ma’mun Akademiyasi”, “Al-Beruniy” va boshqalar. Quryozov asarlari bilan respublika va xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etadi. Asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSh, Italiya, Yaponiya, Hindiston va boshqalar) muzey va to’plamlarida saqlanadi.