Qandahor

Qandahor — Afg’onistonning Janubiy qismidagi shahar, Hindukush tog’larining g’arbiy etagida. Qandahor viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 339,2 ming kishi (2003). Transport yo’llari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatiga ega. Mamlakat Janubiy va g’arbidagi muhim bog’dorchilik va chorvachilik rayonnining savdo markazi. Gilam, Qorako’l teri, ko’n va hokazolar bilan savdo qilinadi. To’qimachilik fabrikasi, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Qandahor — qadimiy shahar. 12-13-asrlarda yirik savdo markazi bo’lgan. 13-asrda mo’g’ullar bosib olgan. 14-asr oxiridan Amir Temur va Temuriylar saltanati qo’l ostida bo’lgan. 16-17-asrlarda qni egallash uchun Eron shohlari sulolasi Safaviylar bilan Boburiylar o’rtasida kurash bo’lgan. 17-asr o’rtalaridan Safaviylar qo’l ostiga o’tgan. 1709 yilda Qandahor aholisi safaviylarga qarshi qo’zg’olon ko’tarishi oqibatida Qandahorda Gilzoy hokimligi vujudga keldi. 1738 yilda Qandahorni Eron shohi Nodirshoh Afshor bosib olib vayron qilgan. Keyinroq sal nariroqda shahar bunyod qilib Nodirshoh deb atagan. Buzilgan shaharni Ahmadshoh Durroniy qayta tiklab Ahmadshoh deb atagan va 1773-74 yillarda Durroniylar davlati poytaxti bo’lgan. 1818-55 yillarda Qandahor hokimligining Markazi. 1855 yilda shaharni afg’on amiri Do’stmuhammadxon egallagan va afg’on davlati tarkibiga kiritgan. Me’moriy yodgorliklardan Ahmadshoh maqbarasi va boshqalar 18-asrga oid yodgorliklar saqlangan.