Qanot

Qanot, biologiyada — hayvonlarning uchish organi. Qanot ko’pchilik hasharotlar, qushlar va ayrim sut emizuvchilar uchun xos. Ba’zi qazilma sudralib yuruvchilar (masalan, uchar kaltakesaklar)da ham Qanot bo’lgan. Qanot har xil yo’l bilan kelib chiqqan. Hasharotlar Qanoti o’rta va orqa ko’krak qoplog’ichi burmalaridan hosil bo’lgan plastinkasimon o’simtalardan iborat. Naysimon tomirlar Qanot uchun tayanch bo’ladi. Tomirlar orqali gemolimfa oqadi; traxeya va nervlar o’tadi. Odatda, hasharotlar qanoti 2 juft; 2 qanotlilar orqa Qanoti qisqarib, vizildoqqa aylanadi; yelpig’ichqanotlilar oldingi juft Qanoti yo’qolib ketgan; qattiqqanotlilar oldingi Qanoti qattiqlashib, ustqanotni hosil qilgan. Qanotning ko’ndalang va bo’ylama tomirlari ko’p bo’lsa — to’rsimon (to’rqanotlilar, ninachilar), kam bo’lsa — (ayniqsa, ko’ndalang tomirlar) par- dasimon (pardaqanotlilar) Qanot deyiladi. Qanotni juda kuchli muskullar harakatga keltiradi. Ayrim hasharotlar 1 sekundda 1000 martagacha Qanot qoqadi. Umurtqali hayvonlar Qanoti shaklan o’zgargan oldingi oyoqlardan iborat. Qushlar Qanoti asosini yelka, bilak, tirsak va kuchli o’zgargan 3 ta barmoqli panja suyaklari tashkil etadi. Qanotning ko’tarish yuzasini bir-biri ustiga cherepisa singari taxlanadigan patlar hosil qiladi. Qanotning shakli qushlarning uchish xususiyatiga bog’liq. Gumbazsimon ko’rinishga ega bo’lgan, uchganda shakli va yuzasi o’zgarib turadigan qanotlar aerodinamik jihatdan qulay. Qushlar uchganida qning asosiy va panja qismlari hal xil tezlikda va tekislikda harakatlanadi; qoqish patlari ham o’z holatini o’zgartiradi. Boshqa umurtqalilar Qanoti teri pardadan hosil bo’lgan. Uchar kaltakesaklarning juda uzaygan 4-barmoqlari Qanot uchun tayanch vazifasini bajargan. Qo’lqanotlilar Qanoti uzaygan 2-5 barmoqlari bilan tanasi va orqa oyoqlari orasiga tortilgan teri pardadan iborat. Barcha uchadigan umurtqalilar Qanotining harakatlanishi kuchli rivojlangan ko’krak muskullari bilan bog’liq.