Nyuton (Newton) Isaak
Nyuton (Newton) Isaak (1643.4.1, Vulstorp — 1727.31.3, London; Vestminsterda dafn etilgan) — ingliz olimi, hozirgi zamon tabiatshunosligi asoschilaridan biri. London Qirollik jamiyati a’zosi (1672 yildan) va uning Prezidenti (1703 yildan). Kembrij universitetini tugatgan (1665). Ilmiy ishlari uchun unga Lord unvoni berilgan (1705). Nyuton mexanika va astronomiyaning nazariy asoslarini yaratdi, butun olam tortishish qonunini ochdi, differentsial va integral hisob asoslarini ishlab chiqdi, ko’zguli teleskopii kashf qildi. U optikaga oid muhim eksperimental ishlar muallifi. “Yorug’lik va ranglarining yangi nazariyasi” asarida (1672) yorug’likning korpuskulyar tuzilishi haqidagi gipotezani ilgari surgan. Nyuton “Optika” asarida (1674) yorug’lik aberratsiyasi, interferentsiya, yorug’likdagi dispersiya, difraktsiya, yorug’likning qutblanishi va boshqalar. Hodisalarni yoritgan. U birinchi bo’lib yorug’likning to’lqin uzunligini o’lchagan. Nyuton “Natural Filosofiyaning matematik negizlari” (“negizlar”; 1687) Nyutonning eng muhim ilmiy asari hisoblanadi. U bu asarida o’zidan ilgari o’tgan olimlar (G.Galiley, R.Dekart, I.Kepler, X.Gyuygens, R.Guk, E. Gatey va boshqalar) hamda o’zi erishgan ilmiy natijalarni umumlashtirgan va klassik fizikaning asosi bo’lgan yer va osmon mexanikasi sistemasini yaratgan va osmon jismlarining harakat nazariyasini ishlab chiqqan; klassik mexanikaning asosiy tushunchalari — massasi va zichligiga ekvivalent bo’lgan materiya miqdoriga; impulsiga ekvivalent bo’lgan harakat miqdoriga va kuchning har xil turiga ta’rif bergan; o’zining 3 mashhur “aksioma yoki harakat qonunlari”: inertsiya qonuni (Nyutonning birinchi qonuni), ta’sir va aks ta’sir konuni (uchinchi qonuni)ni ta’riflagan. Nyuton barcha Sayyora va kometalarning quyoshga, yo’ldoshlarning esa sayyoralarga ular orasidagi masofa kvadratiga teskari bo’lgan kuch bilan tortishishini asoslab bergan. U butun olam tortishish qonunidan Kepler qonunlari kelib chiqishini isbotlagan. Nyuton bu asarida oy harakatining o’ziga xos xususiyatlarini tushuntirgan, shuningdek, yer shakli va uning harakatiga oid xususiyatlarni aniqlagan. U gidrostatika va gidrodinamikaning ba’zi masalalarini qayta ishlab chiqqan; muhit (gaz va suyuqlik)dagi jism harakatini shu muhitning aralashish tezligiga bog’liq holda tekshirgan. Nyuton ilgari surgan tabiatshunoslik masalalari butunlay yangi matematik usullarni ishlab chiqishni talab etardi. U differentsial va integral hisob asoslarini ishlab chiqqan, differentsial va integral hisobning o’zaro teskari xarakterga ega ekanligini kashf qilgan, cheksiz qatorlar sohasida yangilik yaratgan. Nyuton va undan mustaqil ravishda G.Leybnis tomonidan yaratilgan differentsial hisob va integral xisob matematika taraqqiyotida yangi bosqich bo’ldi. Nyuton Nyuton binomi formulasini ixtiyoriy ko’rsatkichga umumlashtirgan, hisoblash matematikasi sohasida tenglamalarni taqribiy yechish usuli va interpolyatsiya formulasini topgan. Uning algebra va geometriyaga oid boshqa ishlari ham muhim. Nyuton fizika va kimyoning ko’p sohalariga katta ta’sir ko’rsatdi. Ba’zi optik va kimyoviy hodisalarni tushuntirishda Nyuton mexanik modellardan foydalandi. Ad:Vavilov S. I., Isaak Nyuton, M., 1961.