Namangan viloyati
Namangan viloyati – O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1941 yil 11 martda tashkil etilgan (1960 yil 25 yanvarda Andijon va Farg’ona viloyatlari tarkibiga qo’shib yuborilgan. 1967 yil 18 dekabrda kayta tashkil etildi). Namangan viloyati Respublikaning sharqida, Farg’ona vodiysining shimoliy-g’arbiy qismida, Tyanshan tog’ tizmasi tarmoqlari — Qurama va Chatqol tog’larining yon bag’rida joylashgan. Shimol va shimoliy-sharqdan Qirg’iziston Respublikasining Jalolobod viloyati, Janubi-sharqdan Andijon, Janubdan Farg’ona, shimol va shimoli-g’arbdan Toshkent viloyati va Tojikistonning Sug’d viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 7,44 ming km2. Aholisi 1982,7 ming kishi (2002). Namangan viloyatida 11 qishloq tumani (Kosonsoy, Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, To’raqo’rg’on, Uychi, Uchqo’rg’on, Chortoq, Chust, Yangiqo’rg’on), 8 shahar (Namangan, Kosonsoy, Pop, To’raqo’rg’on, Uchqo’rg’on, Chortoq, Chust, Haqqulobod), 11 shaharcha (Jomasho’y, Toshbuloq, Navbahor, Oltinkon, Uyg’ursoy, Chorkesar, Xalqobod, Uychi, O’nhayat, Yangiqo’rg’on, Oqtosh), 99 qishloq fuqarolari yig’ini bor. Markazi — Namangan shahri. Tabiati. Viloyat hududining asosiy qismi Sirdaryoning o’ng sohilida, keng Farg’ona vodiysida joylashgan. Yer yuzasi, asosan, tekislik bo’lib, shim.da qator tepaliklar va Chatqol hamda Qurama tog’lari bilan o’ralgan. Balandligi 350— 800 metr. Tog’ va adirlar, tor vodiylar, vohalar to’rtlamchi geologik davrning katta-kichik daryolari va irmoqlarning faoliyatidan hosil bo’lgan. Viloyat hududi geologik faol zonada joylashgan va 8 ballgacha zilzilalar bo’lib turadi. Keng maydonni egallab yotgan va dehqonchilik ob’yekti bo’lgan Qoraqalpoq cho’li neogen davrida paydo bo’lgan. Foydali qazilmalardan Chodak oltin koni, tog’ kvarsi, surma, mis, neft, gips, ohaktosh va boshqa qurilish materiallari, shifobaxsh mineral suvlar (Chortoqda) topilgan. Chust-Pop yer osti suvining issiqligi 50° (1300 metrdan chiqadi). Suv tarkibida yod va brom bor. Chodaksoydan (450 metr chuqurlikdan) 23° issiqlikdagi vodorod-sulfidli suv chiqadi. Chortoq, Shahand, Kosonsoy, Uchqo’rg’on suvlari o’zining minerallanish darajasi va xarakteri bo’yicha mashhur Masesta, Chakrak, Tal suvlaridan qolishmaydi. Yer osti suvlari tog’, adir, tog’oldi botiqlarida va yoyilmalarda yirik toshli, shag’alli va qumli qatlamlarda joylashgan. Sirdaryoga yaqin zonalarda yer osti (sizot) suvlari mavjud. Iqlimi keskin kontinental. Yozi uzoq, issiq, qishi qisqa, nisbatan sovuq. Yillik o’rtacha temperatura 13°. Yanvarda temperatura -25° gacha pasayadi, iyunda 35-45° ga yetadi. Vegetatsiya davri 229 kun. Viloyatning turli qismlarida yog’in miqdori turlicha. Namanganda o’rtacha yillik yog’in miqdori 230 mm, g’arbida 90-190 mm, sharqiy tumanlarida 300-400 mm, tog’ etaklarida 600 mm. Yog’inning eng ko’p kismi bahor va kuzda yog’adi. Daryolari yog’indan, tog’lardagi qor va muzliklardan suv oladi. Namangan viloyatida 16 daryo va soy, ko’plab mavsumiy soylar mavjud. Eng katta daryosi — Sirdaryo. U Norin va Qoradaryoning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Norin va Sirdaryoga Chatqol tog’laridan oqib tushadigan Pochchaotasoy, Chortoksoy, Chustsoy, Olmossoy, Chodaksoy, G’ovasoy, Kosonsoy, Namangansoy kabi sersuv tog’ daryolari kuyiladi. Kosonsoy, Chortoq, Eskier suv omborlari, Oxunboboev, shimoliy Farg’ona, Katta Namangan kanallari qurilgan. Bahor va yoz boshlarida sodir bo’ladigan sel hodisalaridan saqlanish uchun sel omborlari barpo qilingan. Tuproklari prolyuvial, o’tloq, o’tloqi-botqoq, och tusli bo’z, ayrim joylarda sho’rxok, och tusli qo’ng’ir, jigarrang. Adirlar qumtosh, mergel, lyoss va chag’irtoshlar bilan qoplangan. Bahorda efemer o’simliklar o’sadi, chorva mollari boqiladi. Tekislik qismlarida bo’z, ko’ng’ir tuproqlar, qadimdan dehqonchilik qilib kelingnidan tabiiy holati o’zgargan va unumdorligi oshirilgan. Kosonsoyda tipik va qoramtir bo’z tuproq, Namangan, Uchqo’rg’on, Chust tumanlarida och bo’z tuproq tarqalgan. Tekislik qismining ekin ekilmaydigan yerlarida sho’ra, shuvoq, Lola, otquloq, Sirdaryo bo’ylarida betaga, astragal va boshqalar o’sadi. Tog’larda archazorlar, yovvoyi olcha, olma va yong’oqzorlar uchraydi. Tog’larning baland qismi Subalp o’tloqlari — yozgi yaylovlardan iborat. Namangan viloyatida deyarli o’rmon yo’q. Namangan mevali o’rmon ko’chatzori va Namangan o’rmon ko’chatzori mavjud. Cho’l va adirlar o’zlashtirilib yuborilgandan bo’ri, tulki, qobon, yumronqoziq kam uchraydi. Tog’larda tog’takasi, sug’ur bor. Adirlarda kalamush, dala sichqoni, echkemar, tipratikan, cho’l toshbaqasi, turli xil ilon va kaltakesak ko’p. Qushlardan burgut, kaklik va boshqalar bor. Qorabovur, yovvoyi o’rdak va boshqalar ovlanadi. Daryo, soy va boshqa suv havzalarida har xil baliq yashaydi, ondatra keng tarqalgan. Pochchaotasoy, G’ovasoyda Qunduz ham uchraydi. Namangan viloyati hududining intensiv o’zlashtirilishi oqibatida sudralib yuruvchilar, qushlar, sut emizuvchilar, baliklarning ko’p turlari kamayib bormoqda. Aholining asosiy qismini o’zbeklar (87,8%) tashkil etadi, shuningdek, tojik (9,0%), qirg’iz (1,0%), rus (0,8%), tatar, ukrain, Ozarbayjon, yahudiy, belorus, arman, qozoq va boshqa millat vakillari ham (jami 89 millat) yashaydi. Aholi zichligi o’rtacha 1 km2 ga 266 kishi. Qishloq aholisi 1238,9 ming kishi, shaharliklar 743,8 ming kishi (2002). Xo’jaligi. Namangan viloyati respublika ishlab chiqarish va madaniy taraqqiyotida yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Viloyat sanoatining asosiy tarmoqlari: mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoatlari. Namangan viloyatida 170 dan ziyod sanoat korxonalari mavjud. Eng yirik sanoat korxonalaridan — mashinasozlik, avtomobillarni tuzatish, g’isht, yog’-ekstraktsiya, paxta tozalash, oziq-ovqat (vino zavodi, pivo kombinati, “Namangan salqin ichimliklari”, “rohat”, “Namangankonserva”, “Shirinlik”, “Kosonsoykonserva” korxonalari), kimyo, “Elektroterm” ishlab chiqarish birlashmasining yetakchi korxonasi, ipak gazlamalar kombinati, badiiy buyumlar fabrikasi va hokazolar. 3402 kichik, 249 shirkat, 76 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatmoqda. Shular orasida: “Navro’z” O’zbekiston—Kanada, “Shohi So’zana”, “Nestle-O’zbekiston”, “Shams LTD”, “Nur”, “ohangar”, “Chust pichog’i”, “Namanganshina”, “Kosonsoy-Tekmen”, “Popfen”, “Silk-Road”, “Kasmir Deri”, “Namanganqog’oz”, “Yanis IV”, Uzbekistan— Rossiya “kemtosh”, “shifo” korxonalari, O’zbekiston—Xitoy “Channa-tekstil” qo’shma korxonasi, Uzbekistan—Turkiya “kosonsoytekstil” va boshqalar bor. Qishloq xo’jaligi. Viloyat qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i — paxtachilik. Namangan viloyati mamlakatda yetishtirilayotgan paxtaning 8-9% ini beradi. G’allakorlik, polizchilik, tokchilik, sabzavotchilik, ipakchilik va chorvachilik rivojlangan. Tekislikdagi sug’oriladigan tumanlarda chorvachilik, asosan, qoramol, tog’ oldilaridagi tabiiy o’tloqlarda qo’y va echki (jumladan, mayin junli) boqiladi. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar maydoni 548,1 ming gektar, shundan haydaladigan yerlar 219,8 ming gektar, yaylovlar 287,9 ming gektar, bog’ va ko’p yillik daraxtzorlar 31,2 ming gektar, tokzorlar 8,7 ming gektarni tashkil qiladi. Don ekinlari 80,4 ming gektar, paxta 109,5 ming gektar, kartoshka 1,3 ming gektar, sabzavot 3,5 ming gektar, poliz ekinlari 1 ming gektar, ozuqa ekinlari 14,4 ming gektar maydonni egallaydi, 7760 gektar o’rmonzor, 3 ming gektar tutzor bor (2001). Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 4 ming kilometr kollektor drenaj tarmoqlari qurilgan. Viloyatning xamma tumanlarida sug’oriladigan maydonning asosiy qismida paxta va don ekinlari ekiladi. Namangan viloyatida 134 shirkat xo’jaligi, 94,8 ming dehqon xo’jaligi, 3,5 ming fermer xo’jaligi bor. Jamoa va xususiy xo’jaliklarda 667,1 ming qoramol (shundan 261,4 mingi sigir), 899,3 ming qo’y va echki, 5,8 ming ot mavjud, parrandachilik bilan ham shug’ullaniladi. Transporti. Temir yo’llarning uzunligi 138 kilometr. Avtomobil yo’llari uzunligi 1,7 ming kilometr (shu jumladan, qattiq qoplamalisi 1,6 ming kilometr). Trolleybus liniyasi uzunligi 80 kilometr. Namangan bilan To’raqo’rg’on shaharlari oralig’ida ham trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan. Andijon—Qo’qon, Namangan—Uchqo’rg’on o’rtasida poyezdlar qatnaydi. Namangan—Toshkent, Namangan— Marg’ilon— Farg’ona, Namangan— Andijon, Namangan—Qo’qon—Samarqand yo’nalishida avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Farg’ona vodiysini respublika poytaxti bilan bog’lovchi Toshkent — O’sh avtomobil yo’lining Qamchiq dovonida uzunligi 358 va 891 metrdan iborat bo’lgan ikkita tonnel qurilib foydalanishga topshirildi. Namangan viloyati havo transportining rivojlanishi 1941 yilda aerodrom qurish bilan boshlandi. 1984 yilda zamonaviy havo laynerlariga xizmat qiluvchi uchish va qo’nish maydoni ishga tushirildi. O’rta Osiyo davlatlaridagi shaharlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Ufa, Simferopol, Novosibirsk, Magadan, Norilsk, Yakutsk, Krasnoyarsk, Mirniy kabi shaharlari va Ukraina poytaxti Kiev shahri bilan muntazam aloqa yo’lga qo’yildi. Madaniy-maorif, sog’liqni saqlash va sport. 2000/2001 o’quv yilida viloyatda 671 umumiy ta’lim maktabi (493,4 ming o’quvchi), 19 ta litsey, 6 maxsus maktab-internat, 2 ta akademik litsey (1350 o’quvchi), 43 kasb-hunar kolleji (31 mingga yaqin o’quvchi) faoliyat ko’rsatdi. Viloyatdagi 3 ta oliy o’quv yurti (Namangan universiteti, Namangan muxandislik-pedagogika va Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutlari)da 11 mingdan ziyod talaba ta’lim oldi (2001). 1999-2001 yillar mobaynida barcha qulayliklarga ega bo’lgan jami 28 kasb-hunar kolleji (18 ming 875 o’quvchiga mo’ljallangan), hamda 2 akademik litsey (1500 o’rin) bunyod etildi. Ular zamonaviy o’quv qurollari va texnika bilan jihozlandi. Viloyat o’quvchilari Respublika miqyosida o’tkaziladigan fan olimpiadalarida muntazam qatnashmoqdalar. Xalqaro AKSELS tanlovida g’olib chiqib xorijiy davlatlarda tahsil olib qaytayotgan o’quvchilar soni ham ortib bormoqda. AQShning o’quvchilar o’rtasida o’tkazilgan AKSELS tanlovida Namangan viloyatidan 40 o’quvchi ishtirok etdi. Viloyatda 2 ta (Namangan o’lkashunoslik va Pop arxeologik) muzey, 1 Markaziy, 409 jamoat kutubxonasi (1 million nusxadan ortiq asar), 162 madaniyat uyi, 8 madaniyat va istirohat bog’i, 5 teatr (shu jumladan, Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama teatri) bor. Viloyat teatr sahnalarida O’zbekiston xalq artistlari R. Hamroyev, M. Azizova, S Rahmonov, M. Mansurov, M. Ubaydullaev, X. Oxunova, O’. Nuraliyev, K. Rahimovlar; O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar: M. Dadaboyev, A. Raximov, A. Tojiboyeva, M. Isomiddinov, T. Saydullayevlar samarali ijod qildilar (2001 yilda teatr binosi rekonstruktsiya qilindi). Xalq hunarmandchiligi ayniqsa, Namangan va Chust shaharlarida qadimdan rivojlangan. Chustda pichoq, idish-tovoq, qishloq xo’jalik qurollari ishlab chiqariladi, do’ppido’zlik, kashtachilik bilan shug’ullaniladi, xalatlar uchun beqasam va atlas gazlamalar to’qiladi. Chust badiiy buyumlar fabrikasi bor. Sog’liqni saqlash. Namangan viloyatida 11 650 o’rinli 115 kasalxona, 250 dan ortiq dorixona, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam markazining filiali, kuniga 30 ming bemorni qabul qilish quvvatiga ega bo’lgan 256 ambulatoriya-poliklinika muassasasi ishlab turibdi. Namangan viloyatida o’tgan 10 yil mobaynida 104 qishloq shifokorlik punktlari barpo etildi, 41 qishloq shifokorlik ambulatoriyasi va feldsher-akusherlik punktlari qishloq shifokorlik punktlariga aylantirildi. Shu davrda 1505 o’rinli kasalxona, bir smenada 43,7 ming bemorni qabul qiluvchi poliklinikalar qurib bitkazildi, shoshilinch tibbiy yordam markazi, viloyat ko’p tarmoqli kasalxonasi, viloyat kardiologiya markazi, o’sma kasalliklar, Namangan shahar onalar va bolalar fizioterapevtik, yuqumli kasalliklar kasalxonalari foydalanishga topshirildi. Ular zamonaviy tibbiyot apparatlari, asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Namanganda Semashko nomidagi respublika fizioterapevtik ilmiy tadqiqot instituti, respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy tadqiqot instituti hamda respublika Salomatlik institutlarining viloyat filiallari, nevrologiya, endokrinologiya va urologiya markazlari faoliyat ko’rsatmoqda. Viloyatda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo’yicha “Somom avlod” dasturi asosida 2000 yildan boshlab “Delfin”, “Viktor” va boshqa zamonaviy apparatlar bilan jihozlangan “ona va bola” skrining markazi ishlab turibdi. 6 sanatoriy (jumladan, “Chortoq”, “gulshan”, “Kosonsoy”), Ko’ksaroy dam olish zonasi mavjud. Sport. Viloyatdan sportning futbol, basketbol, voleybol, suv polosi, chim ustida xokkey, mini futbol, qo’l to’pi, shaxmat turlari bo’yicha sportchilar mamlakat musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqdalar. Namangan viloyatida “Navbahor” Markaziy stadioni, shuningdek, 28 stadion, “Pahlavon”, “Dinamo”, “Alpomish”, “sog’lom avlod” sport majmualari, 22 Suzish havzasi, 54 tennis korti, 1 velotrek, 2 Otchopar, 473 sport zali, 305 otish tiri, 571 basketbol, 1754 Voleybol, 375 qo’l to’pi, 422 kichik va 563 katta futbol maydon va maydonchalari bor. 590 mingdan ziyod kishi jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanadi. Ularning 260 ming nafaridan ortigi o’smirlar. Namangan dovrugini oshirgan va an’anaga aylangan “Universiada-2000” tadbiri katta umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi. Shaxmat, charm to’p buyicha Osiyo, jahon chempionatlari, saralash musobaqalari, tennischilarning “Buyuk ipak yo’li”, “satellit”, “Fyuchers” kabi turlarining o’tkazilishi Namanganni dunyoga yana ham kengroq tanitdi. Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Navbahor” stadioni, “Do’stlik” tennis majmuasi, “Yoshlik” suzish havzasi, Namangan shahridagi “Paxlavon”, “Alpomish”, “Dinamo” sport majmualari, To’raqo’rg’on tumanidagi “kurash” majmuasi kabi sport inshootlarida xalqaro mavqedagi sport musobaqalari o’tkazib turiladi. Namangan viloyatida 15 xalqaro toifadagi sport ustasi, 900 dan ortiq sport ustasi, 2400 sport ustaligiga nomzod, 5000 dan ziyod 1-toifadagi sportchi tayyorlandi. Viloyatning 200 dan ortiq sportchisi O’zbekiston milliy terma jamoalari a’zolaridir. Namangan viloyatidan 2000 yilda boks bo’yicha respublika chempioni, stol tennisi, shaxmat va boshqa sport turlari bo’yicha xalqaro musobaqa sovrindorlari yetishib chiqdi. Namanganda o’tkazilgan 18 yoshgacha bo’lgan yoshlar o’rtasida belbog’li kurashchilarning 5-xalqaro birinchiligida Qirg’iziston, Qozog’iston, Turkmaniston, Armaniston, Gruziya, Ukraina, Belorussiya, Rossiya, Hindiston va Turkiya sportchilari ishtirok etdi. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada” musobaqalarida o’quvchitalabalar faolligi tobora oshib bormoqda. 2000 yilgi Universiadada Namangan viloyati sportchilari birinchi o’rinni olishdi. 2001 yil “Barkamol avlod” musobaqalarida Farg’onada 2-o’rinni, 2002 yil Farg’onada o’tkazilgan “Umid nihollari” musobaqalarida faxriy uchinchi o’rinni egalladi. “Alpomish”, “Barchinoy” testlariga 500 mingga yaqin o’quvchi, 30 mingga yaqin talaba, ishchixizmatchi jalb qilindi. Kattalikda respublikada 2-o’rinda turgan (36 ming o’rinlik) “Navbahor” stadioni negizida maxsus futbol maktabi, “Olimpiya zaxiralari” sport maktabida basketbol, voleybol, qo’l to’pi bo’yicha sportchilar tayyorlanmoqda. Namanganda “Gulbahor” ayollar futbol jamoasi faoliyati ravnaq topayapti. Toshbulokdik yosh karatechi-o’quvchi Doston Turg’unov AQShda “Atlanta kubogi” sovrini musobaqalarida ishtirok etib, birinchilikni qo’lga kiritib, oltin medal bilan qaytdi. Stol tennisi bo’yicha Sevara Qodirova 1999 yilda Shvetsiyada o’tgan jahon yoshlar chempionatida jahon chempioni bo’ldi. Shaxmat bo’yicha Osiyo chempionatida Olga son 16 yoshgacha bo’lgan o’smirlar o’rtasida Osiyo chempioni, yozgi biatlondan Mu-habbat Kandakova Yevropa ochiq chempionati g’olibi, erkin kurash bo’yicha Rustam Mamajonov Osiyo kubogini, shaxmat bo’yicha xalqaro grossmeyster Saidali Yo’ldoshev Xitoyda o’tgan Osiyo chempionati g’olibligini, boks bo’yicha To’lashboy Doniyorov xalqaro musobaqalar g’olibligini, aka-uka Baxtiyor va Shuhrat Bozorovlar kurash bo’yicha O’zbekistonning bir necha bor mutlaq g’olibligini va xalqaro turnirlar g’oliblari unvonini, aka-uka Jo’ra va Mutalli Mamajonovlar karate bo’yicha AQSh va Vengriyada o’tgan xalqaro turnirlar g’olibligini qo’lga kiritdilar. Adabiyoti. Namangan qadimdan xalq og’zaki ijodining deyarli barcha janrlariga boy o’lkadir. Shu diyorda yaratilgan va keng tarqalgan og’zaki ijod namunalarini xalq qo’shiqchilari, ertakchilari hozirgi kungacha saqlab kelganlar. Ulardan yozib olingan qo’shiqlar, termalar, asotirlar, rivoyatlar va ertaklar bir qancha to’plamlarga kiritilgan. Yangiqo’rg’on, Chortoq, Uchqo’rg’on, Norin, Namangan va boshqa tumanlarda xalq dostonchilik maktablari davom etgan. Uchqo’rg’onlik dostonchilardan 20-asrning 20-yillaridayoq “yozi bilan Zebo” dostoni yozib olinib, keyinchalik nashr qilingan. Yozma adabiyot Namanganda ko’hna asrlardan boshlab rivojlanib keldi. Bu o’lka o’z ijodiy uslubi, ovozi va soziga ega bo’lgan bir qancha iste’dod egalarining vatanidir. Qadimgi Axsikent shahrida 11 — 12-asrlarda so’z san’atining bir qancha yirik namoyandalari kamol topdilar. Markazi Axsikent bo’lgan Namangan adabiy muhiti shakllanib taraqqiy eta boradi. Abu Rashid-Ahmad Axsikatiy, Abul vafo Axsikatiylar o’z davrining yetuk adib va olimlari edi. Yirik iste’dod egasi Asiriddin Axsikatiy Malik ush-shuaro va amiri shuaro unvonlariga sazovor bo’ldi. O’zbek mumtoz adabiyotining namoyandasi Boborahim Mashrab shu o’lkada voyaga yetdi. 18-asr oxiri — 19-asr 1-yarmidagi adabiyotning ko’zga ko’ringan vakillari Malik ush-shuaro Fazliy hamda Nodir, G’oziy, Majzub, Munshiy, Muxlis, Maxzun va boshqalar o’zbek adabiyoti xazinasiga salmoqli hissa qo’shdilar. 19-asrning 2-yarmida Nodim, Shavqiy, Ibrat, hayrat, Xilvatiy va boshqa shoirlardan iborat ijodkorlar guruhi Namanganda e’tiborli bir adabiy muhitni vujudga keltirdi. Bu muhitda ijodiy kamolotga erishgan Muxammadsharif So’fizoda O’zbekiston so’z san’atkorlari orasida birinchi bo’lib xalq shoiri faxriy unvonini oldi. Ishoqxon Ibrat va Muhammadsharif Sufizoda 20-asr boshlarida jadidchilik, milliy uyg’onish harakatining yetuk vakillari sifatida faoliyat kursatdilar. Ular o’z she’rlarida xalqni g’aflat va qoloklikdan chiqarish, millat ongini uygotish uchun ilm-ma’rifat zarurligini tashviq qildilar. Shoir Rafiq Mo’min 20-asr 20-yillar she’riyatida erk va haqiqat kuychisi bo’lib tanildi. Benazir iste’dod egasi Usmon Nosir o’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan edi. Zafar Diyor bolalarning sevimli shoiri bulib qoldi. Yo’ldosh Shamsharov, Parda Tursun o’zbek Nasri taraqqiyotida o’z o’rinlariga ega bo’ldilar. Chustiy, Sho’xiy o’z she’rlari bilan el orasida tanildi. 20-asrning 2-yarmidagi Namangan adabiy muhiti ijodkorlarga boy bo’ldi. Jonrid Abdullaxonov, Turg’un Po’lat, Nuriddin Boboxo’jaev, Husniddin Sharipov, Habib Sa’dulla, Dadaxon Nuriy, Ermuhammad Nurmatov, Abdug’ani Abduvaliyev, Ahmad Tursun, Ziyovuddin Mansurov va boshqa turli janrdagi asarlari bilan tanildilar. Shoir Habib Sa’dullaga O’zbekiston xalq shoiri faxriy unvoni berildi. Namangan adabiy muhiti umumo’zbek adabiyotining ajralmas, tarkibiy qismi sifatida rivoj topmoqda. Namangan viloyatida O’zbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, me’morlar, jurnalistlar va boshqalar)ning viloyat tashkilotlari faoliyat ko’rsatmoqda. Matbuot, radio va televideniyesi. Namangan viloyatida 2 viloyat gazeta (“Namangan haqiqati”, “Namanganskaya Pravda”), 11 tuman gazeta, shahar gazetalari chiqadi. Viloyatda, shuningdek, tarmoq gazetalari va jurnallar nashr etiladi. Namangan viloyatida dastlabki radioeshittirishlar 1932 yilda boshlangan. 1990 yildan viloyatda telestudiya tashkil etilib teleko’rsatuvlar berila boshladi. 2000 yilda yangi telemarkaz qurilib foydalanishga topshiriddi. Telemarkaz Germaniya “Simens” firmasining zamonaviy televideoapparaturasi bilan jihozlandi. Me’morlik va arxeologik yodgorliklari. Viloyatda 85 arxeologik, 15 ga yaqin me’moriy yodgorlik bo’lib, shulardan qadimgi shahar va istehkomlar qoldiqlari: Axsikent (miloddan avvalgi 3-2-asrlar.), Munchoqtepa (jez davri), Oyritom, Mug’tepa (antik davr) va boshqalar; me’moriy yodgorliklardan: jome masjidi (18-asr), Chodak madrasa-masjidi (18-asr), Shayx Ishoq Eshon (19-asr), Ota Valixon to’ra (20-asr), Haqqulobod (1903) masjidlari, Yusupxon Eshon (18-asr), Mavlono Lutfullo Chustiy (1913) me’moriy majmualari, G’oyib Nazar (1892), Mulla Qirg’iz (1911 — 12) madrasalari, Xo’ja Amin (17-asr), Boy Xamadoniy (19-asr), Mavlono Namangoniy (1907) maqbaralari, Yusufboy Hoji uyi (20-asr boshlari) va boshqalar mashhur. Murodulla Haydarov.