Nyufaundlend
Nyufaundlend – Atlantika okeanidagi orol. Shimoliy Amerikaning sharqiy qirg’oqlari yaqinida, Kanadaga qarashli Nyufaundlend provintsiyasi tarkibida. Maydoni 111 ming km2. Yer yuzasi to’lqinsimon tekislik. Ayrim tepaliklarining balandligi 200-300 metr, eng baland joyi 814 metr. Ko’l va botqoqlik ko’p. Nyufaundlend materikdan antropogen davrida ajralgan. Iqlimi mo’tadil, dengiz iqlimi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4° dan — 10° gacha, iyulniki 10-15°. Yiliga 750-1500 mm yog’in yog’adi. Nyufaundlend, asosan, igna bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Gromorn va Terranova milliy bog’lari tashkil etilgan. Baliq ovlanadi, yog’och tayyorlanadi. Bosh shahri — Sent-Jons. Nyufaundlend sohillariga dastlab yevropaliklardan 11-asrda normannlar borganlar.