Qal’ai qahqaha
Qal’ai qahqaha — Ustrushona afshinlari qarorgohi. Tojikistondagi Shahristonsoy daryosining g’arbiy sohilida, hozirgi Shahriston shaharchasi yaqinida joylashgan. Umumiy maydoni taxminan 5 gektar, atrofi mudofaa devoir bilan o’ralgan. 8-10 metr balandlikdagi Ark va Shahriston hududidan iborat. Shahriston hududida qorovul jangchilar uchun mo’ljallangan bino xarobalari ochilgan. Arkda saroy qoldiqlari topilgan. Saroyning katta Markaziy zali (18×12 metr) da hukmdor taxti joylashgan. “Kichik zal” — ibodatxona, shuningdek, turar joylar, xo’jalik inshootlari, aslahaxona xarobalari ochilgan. Saroy binosi devoriy rasmlar, yog’och ustunlari va shiplari naqshlar bilan bezatilgan. Markaziy devoridagi 6 metrli rasm kompozitsiyasida inson bolasini emizayotgan ona bo’ri aks etgan. “Kichik zal” devori ham boy bezatilgan. Unda bir guruh suvoriylar jang kiyimlarida nayza, tug’lar ko’tarib turli tusdagi otlarni choptirib ketishmoqda. 3 boshli va 4 qo’lli ma’bud va 3 ko’zli yovuz dev va hayvonlar aks etgan. Odamlar va qushlarning haykalchalari topilgan.