Qalampirmunchoq

Qalampirmunchoq — mirtadoshlar oilasiga mansub o’simliklar turkumi. Doim yashil efir moyli daraxt (balandligi 35 metrgacha) yoki buta. Tropik va subtropiklarda. ayniqsa, Sharqiy Osiyo va Janubiy Amerika hamda Afrika va Avstraliyada 700 (1000) ga yaqin turi ma’lum. Tanasining pastki qismi shoxshabbasiz, barglari butun (uzunligi 20 santimetr), gullari to’pgulga yig’ilgan. Tog’ va vodiylardagi mussonli o’rmonlarda, Avstraliyada evkalipt o’rmonlaridao’sadi. 30 ga yaqin turi (Tanzaniya, Hindiston, Shri Lanka, Indoneziya, Braziliya va boshqalar ko’plab tropik mamlakatlarda) ekiladi. Qalampirmunchoqning keng tarqalgan turi xushbo’y Qalampirmunchoqning vatani Molukka orollari. Bo’yi 10-12 metr, barglari qayishsimon, qarama- qarshi joylashgan, gullari mayda, to’pgulga yig’ilgan, tojbarglari oq yoki pushti. Mevasi rezavorsimon, bir urug’li, rangi qizil. Tanasida xushbo’y moddali bezchalari bor. Quritilgan g’unchasidan efir moyi olinadi va shoda taqinchoq tayyorlanadi, ziravor sifatida ishlatiladi. Guli va gul murtagidan olinadigan Qalampirmunchoq moyi (17-20% moy va 20% oshlovchi modda) parfyumeriya sanoatida, tibbiyotda, likyor va vanillin ishlab chiqarishda qo’llaniladi. Ayrim turlari yog’ochi qurilishda va duradgorlikda ishlatiladi. Jahon bo’yicha 80% Qalampirmunchoq mahsulotlari Zanzibar oroliida yetishtiriladi.