Qazuv, qachuv

Qazuv, qachuv — Xiva xonligida kanal (yop)va ariqlarni har yili tozalash taomili. Kanal va ariqlarning damba (qochi)larini tuzatish va qurishdan iborat majburiyat qachuv, uni bajaruvchilar qazuvchi yoki beldor deb atalgan. Bu ish “begor” yo’li bilan amalga oshirilgan. Bu soliqning o’ziga xos usuli bo’lib, har bir xonadon yilda bir kishini Qazuvga yuborishi va 12 kun davomida kanallarni tozalash ishlarida ishtirok etishi shart edi. “Begor” 12 kundan ortiq cho’zilmasligi lozim bo’lsa ham, ko’pincha 15-20 kungacha davom etgan. Qazuv yiliga 2 marta bahorda va kuzda bo’lgan. 12 kunlik begordan tashqari Xorazmda 6 kunlik mehnat majburiyati — “balo qazuv” ham bo’lgan. Qazuv ishi katta kanallarda 2 haftadan oshmagan, chunki bunga juda ko’p qazuvchi jalb etilgan. Ulug’ Qazuv va tashqi Qazuvni tashkil etish hukumat zimmasida bo’lgan. Ishni olib boruvchi, ya’ni Sohibkor, albatta, to’ralardai bo’lib, u bosh mirobning roziligi yoki taklifi bilan xon tomonidan maxsus yorliq bilan tayinlangan. Ba’zan kanallarni tozalash ishlarining tepasida xonning shaxsan o’zi turgan (masalan, Polvonyop, G’oziobod, Shohobod kabi katta kanallarning qazuvida). Kanallarni loyqadan tozalash qadimdan 2 mintaqaga bo’lingan: 1) saqo qazuvi (bosh qismini tozalash) va 2) obxo’ra qazuvi (taqsimlovchi tarmoqni tozalash). Kanalning saqosi (bosh qismi) oliy hokimiyatga tegishli bo’lib, toza- lashni tashkil etish va uni saqlash uchun mablag’ bilan ta’minlash hukumat zimmasiga tushgan. Sevara Saburova.