Qumli tuproqlar

Qumli tuproqlar – tuproq turi; mexanik tarkibida 0,05—1,0 millimetr li qum zarrachalari ko’p (90-100%), 0,01 millimetr dan kichik zarrachalar miqdori 10% ga yaqin, 0,001 millimetr dan kichik mayda zarrachalar 2-4%dan oshmaydi. Qumli tuproqlar yuza qismida yupqa, yumshoq (havol) qumli quruq qavat bo’lib, chuqurlashgan sari efemer o’tlar ildizi aralashib ketgan o’tkinchi gorizont yotadi. Qumli tuproqlar cho’l mintaqasida shu zonaning asosan taqirlar, taqirli tuproqlar va o’tloqi tuproqlari bilan bir kompleksda hamda qadimgi daryo, soylarning quruq deltalari va boshqalarda tarqalgan. Qumli tuproqlar, odatda, qatlamining yupqaligi, organik modda (chirindi) miqdorining kamligi (eng yuqori qavatda ham 0,5% dan oshmaydi), suv sig’imining pastligi va boshqalar o’simlik o’sishi uchun noqulay xossalari bilan ajralib turadi; bunday tuproqlar shamol eroziyasi (deflyatsiya) ga juda moyil. Qumli tuproqlardan sug’orma dehqonchilikda juda kam foydalaniladi. Markaziy Farg’ona, quyi Amudaryo va boshqa rayonlardagi cho’l Qumli tuproqlarining kichik-kichik massivlari o’tlar ekish va boshqa usullar yordamida o’zlashtirilgan.