Qalamtasvir
Qalamtasvir — chiziqlar asosida grafika vositalari (qalam, Pero, tush va boshqalar) yordamida yaratiladigan tasvir, chizgi. Tasviriy san’at, amaliy san’at va me’morlikda muhim o’rin tutadi: asarning asosi tekis yuza (qog’oz)da uning tasviri (tarhi)ni qalamda ishlash bilan boshlanadi. Qalamtasvirda sof chiziqli va tonal rasmlar hamda har ikkisi biribiri bilan qo’shilib borliqni Real aks ettiradi. Qalamtasvirda bo’lajak asarning tuzilishi, buyum va obrazlarni fazoda joylashishi, ko’rinish chegara chiziqlari, o’lcham va nisbatlari belgilab olinadi. Qalamtasvir (chiziqli rasmlar va chiziqlar qorishmasidan hosil bo’ladigan tonal rasmlar, nursoyali hajmga ega bo’lgan tasvirlar) ishlashda qalamning nursiz va to’q qora tuslari hamda ular orasidagi tuslanishlardan unumli foydalanish orqali kerakli samaralarga erishiladi. Natura bilan tasvir o’rtasida to’la o’xshashlikka erishish uchun tasviriy san’atning ifoda vositalari (kompozitsiya, perspektiva, nursoya, proportsiya va boshqalar)dan foydalaniladi. Asliga qarab tasvir ishlashda bilim va ko’nikma hosil bo’ladi. Qalamtasvir mustaqil dastgoh san’ati (portret, manzara, natyurmort va boshqalar) hamda qo’shimcha (yirik rang-tasvir, haykaltaroshlik va boshqalarda yordamchi) manba vazifasini o’taydi. Tonal rasmlarda chizilgan buyumlarning tuzilishi, fazodagi o’rni, yuzasining fakturasi, kuzatuvchiga nisbatan yaqin yoki uzoqligini ham ko’rsatish mumkin.