Qanotsimon jabralilar
Qanotsimon jabralilar, patjabralilar — ikkilamchi og’izlilarga mansub chalaxordali hayvonlar sinfi. Dengizlarda, odatda, o’troq, ko’pincha koloniya bo’lib yashaydi. Ichki organlarining tuzilishi va rivojlanishi bosqichlari bilan ichakdan nafas oluvchilarga o’xshaydi. Tanasi kalta (bir necha santimetrgacha), o’zi hosil qiladigan uycha (yoki naycha) ichida joylashgan; uycha sirtiga chiqib, siljib harakatlanishi ham mumkin. Gavdasi xartumcha, yoqa va tanadan iborat. Yoqasida kipriklar bilan qoplangan, qanotsimon 1 -6 juft paypaslagichlari bor (nomi shundan). Qorin qismida og’zi joylashgan. Kengaygan bezli bosh qalqoni sirpanib harakatlanish va uycha qurishi uchun kerak bo’ladigan modda ishlab chiqarish vazifasini bajaradi. Patsimon paypaslagichlari yordamida nafas oladi va suvdan oziq zarrachalarini yig’adi. O’troq hayotga moslanish natijasida ichagi halqasimon buralgan; orqa chiqaruv teshigi tanasining orqa tomoniga o’tgan; qorin tomonida poyachasi hayvonni uychaga yopishtirib turadi. Ayrim Qanotsimon jabralilarda jabra yoriqlari bo’lmaydi. Jinssiz kurtaklanib va jinsiy ko’payadi. Koloniyasi kurtaklanish orqali hosil bo’ladi. Uch urug’ga mansub 22 turi ma’lum.