Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni
Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni — dialektikaning qonunlaridan biri. Uni Gegel ishlab chiqqan. Bu qonunga ko’ra, ziddiyat, qarama-qarshi tomonlar, kuchlar o’rtasidagi kurash harakat va rivojlanishning sababi, manbai hisoblanadi. Rivojlanish ziddiyatlarning paydo bo’lishi, rivojlanishi va bartaraf qilinishi jarayonidan iborat, bu eskining yo’qolishi va yangining paydo bo’lishiga olib keladi. Qarama-qarshilik deb narsa va hodisalarning bir-birini taqozo etuvchi tomonlari, quchlarning o’zaro munosabatiga aytiladi. Qarama-qarshiliklar birligi nisbiy, o’tkinchi, ya’ni u narsa va hodisadagi ikki qarama-qarshi kuchning ma’lum nisbiy vaqt ichida birga mavjud bo’lib turishini anglatadi. Qarama-qarshiliklar kurashi esa abadiy, ya’ni rivojlanish- ning manbai sifatida doim, har qanday sharoitda barcha jism va hodisalarga xos. Qonunning mohiyati va amal qilish jarayonini o’rganishda ichki va tashqi, asosiy va asosiy bo’lmagan zidtsiyatlarni bir-biridan farq qilish zarur, lekin ular o’rtasida mutlaq chegara ham yo’q. Voqelikda ular o’zaro chirmashib ketadi, bir-biriga o’tadi va taraqqiyotga xilma- xil ta’sir qiladi. Shuning uchun ziddiyatlarning har biriga konkret yondashish, ziddiyat namoyon bo’ladigan sharoitni, muhitni, vaziyatni, u o’ynaydigan rolni hisobga olish zarur. Sobiq Ittifoqning mafkurasi darajasiga ko’tarilgan marksizm ta’limotida, asosan, ziddiyatlarga ko’proq e’tibor berilar va mutlaqlashtirilar, ular o’rtasida murosa bo’lishi haqidagi Gegel g’oyalari inkor etilgan edi. Mavjud jamiyat taqdiri ishchilar sinfining burjuaziya ustidan g’alabasi bilan yakunlanadi, deb qilingan “bashorat” asossiz bo’lib chiqdi. Ishchilar bilan ish beruvchilar o’rtasida muayyan konsensus (kelishuv) vujudga keldi. Odamzod azaldan ziddiyatlar kamroq bo’lgan, kishilarning xilmaxil intilish va maqsadlari bir-biridan farq qiladigan g’oyalar uyg’unlashgan, barqarorlik ustuvor bo’lgan jamiyat qurishga intiladi. Ziddiyatlarga boy bo’lgan hozirgi murakkab davrda kelishmovchiliklarni konsensus asosida hal qilish zarurligi g’oyasi muhim metodologik ahamiyatga ega. Abdulla Ayupov.