Qopqon

Qopqon — yovvoyi hayvonlar va qushlarni ovlash (ilintirish) uchun mo’ljallangan moslama, qurilma va apparatlar. Ikki turi: odam ishtirok etadigan va etmaydigan (avtomatik) turlari bor. Odam ishtirok etadigan Qopqonlar turli-tuman to’rlar, tortma sirtmoqlar, matraplar, qopqog’i arqon yordamida tortib olinadigan chuqurlar va boshqalardan iborat. Bular asosan hayvonlar va qushlarni tirik tutish uchun ishlatiladi. Odam ishtirok etmaydigan (“avtomatik”) Qopqonlar jumlasiga tuzoqlar, sirtmoqlar, prujinali moslama va qurilmalar, tarang tortilg’an chilvirga tegib ketilganda o’z-o’zidan otiladigan o’q-yoylar, ustiga omonatgina xashak yopib qo’yiladigan chuqurlar, ichiga hayvon kirganda eshigi “o’z-o’zidan” yopilib qoladigan uzunchoq yashiklar va boshqalar kiradi. Sichqon va kalamushlar uchun mo’ljallangan prujinali qisuvchi Qopqonlar keng tarqalgan. Ayrim Qopqonlar odam uchun ham xavfli bo’lishi mumkin. O’zbekistonda tulki, to’ng’iz, quyon, bo’rsiq, kaklik, bedana va boshqalar uchun Qopqon va tuzoqlar qo’yiladi.