Qozikalon madrasasi
Qozikalon madrasasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (1905); Ichan qal’a tarkibida. Juma masjid va Matniyoz Devonbegi madrasasi oralig’ida. Qozikalon Salim Oxun tomonidan qurilgan. Madrasa to’rtburchak tarhli (32,5 x 23,4 metr), peshtoq-gumbazli, darsxona (tarhi 4,7 x 4,7 metr), hovli (16,6 x 9,8 metr)dan iborat. Bosh peshtog’ining 2 burchagiga guldastalar ishlangan (ular yashil va ko’k koshinlar bilan bezatilgan); peshtoq orqali miyonsaroyga kiriladi, Miyonsaroyning 2 yonida masjid va madrasa joylashgan; hovli atrofini balxi gumbazli 1, 2 xonali hujralar egallagan, Janub tomonida qo’shimcha xonalar ham bor. Peshtoq va devordagi dandanalar rangli koshinlar bilan ziynatlangan; devorning tashqi va ichki tomonining yuqori qismi gorizontal yashil “bandak” qatori bilan hoshiyalangan, devorlariga yassi ravoqlar ishlangan. Peshtoq ravog’i kitobasida sirkor bitiklar bor.