Qalqonsimon bez
Qalqonsimon bez — odam va hayvonlarning ichki sekresiya bezi. Qalqonsimon bezning rivojlanishi homilalik davrida boshlanib, bola 1 yoshga yetganda uning vazni 1-2 grammni tashkil etadi, o’sish jarayonida u kattalashib 15-20 grammgacha yetadi. Qalqonsimon bez embrion jabra xaltachasi epiteliysidan rivojlanadi. Qalqonsimon bez odam embrioni taraqqiyotining 8-9 oyida to’liq shakllanib, gormon ajrata boshlaydi, u bo’yinda, hiqildoq tog’aylari sohasida joylashgan; 2 palla va bo’yinchadan iborat. Qalqonsimon bezni bir juft yuqori va bir juft pastki arteriyalar qon bilan ta’minlaydi, simpatik va parasimpatik nerv tolalari innervasiya qiladi. U organizmda modda va energiya almashinuvi regulyatsiyasida ishtirok etuvchi yodli gormon tiroksin (T4), triyodtironin (TZ) va tireokaltsitonin ishlab chiqaradi. Qalqonsimon bez funktsiyasini Markaziy nerv sistemasi, faoliyatini esa gipofiz bezi boshqaradi. Gipofizning tireotrop gormoni Qalqonsimon bez funktsiyasi va rivojlanishini kuchaytiradi. Organizmda Qalqonsimon bezning ahamiyati juda katta, u bosh miya faoliyati, moddalar almashinuvi, suyak o’sishi, immune sistemalar, jismoniy va aqliy rivojlanish, jinsiy etilish jarayonlari, adaptatsiya va boshqalar reaktsiyalarni ta’minlaydi. Bu bez faoliyatining buzilishi buqoq, gipotireoz, gipertireoz va boshqalar kasalliklarga olib keladi.