Qarag’ay

Qarag’ay — qarag’aydoshlar oilasiga mansub igna bargli daraxtlar va butalar turkumi. Asosan, Shimoliy Amerika va Yevrosiyoning o’rmon zonasida, kamroq shimoliy yarim sharning tropik va subtropik tog’larida tarqalgan. 100 ga yaqin turi ma’lum. Rossiyada yovvoyi holda 12 turi va introduktsiyalangan 70 turi uchraydi. O’zbekistonda Qarag’ay yovvoyi holda o’smaydi. Uning qora Qarag’ay, tilog’och, pixta va kedr kabi turkumlarining pallas yoki Qrim Qarag’ayi oddiy Qarag’ay, Shrenk Qarag’ayi turlari o’stiriladi. Pallas yoki Qrim Q.ining bo’yi 15-20 (30) metrgacha. Shox-shabbasi keng, uzun. Ignabarglari 8— 15 santimetr, ingichka, qalami, to’q yashil, qattiq, o’tkir uchli. Qubbasi yirik, uzunligi 6-10 santimetr, eni 4-5 santimetr, tangachalari rombsimon, yaltiroq, qo’ng’irsarg’ish. Qarag’ay issiqsevar, yorug’sevar o’simlik. 150-500 (600) yilgacha yashaydi. urug’idan ko’paytiriladi. Shahar ko’chalari, xiyobonlarda manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Qarag’ayning barcha turlari yog’ochi mebelsozlikda, qurilishda, taxta tayyorlash, smola va skipidar olishda ishlatiladi.