Qoraboyev Yoqubjon Ismoil o’g’li
Qoraboyev Yoqubjon Ismoil o’g’li (1934.15.6 – Toshkent – 1993.5.2) -chinnisoz rassom, O’zbekiston xalq rassomi (1976). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan (1958); naqqoshlik san’atini usta Yo. Raufov, J.Hakimov, T. To’xtaxo’jayevlardan o’rgangan; Sitorai Mohi Xosa yodgorligini ta’mirlashda qatnashgan, 6-10 qirrali kursilarni milliy naqshlar bilan bezagan. 1960 yildan Toshkent chinni zavcdida rassom. Qoraboyev samarali ijodiy mehnat qilib, chinnilar uchun 200 dan ortiq yangi bezak mujassamotlarini yaratdi; shulardan 40 dan ortig’i ishlab chiqarishga joriy etilgan. “Milliy naqsh” (1970), “bodomgul” (1972), “islimiy paxta” (1976), “Tinchlik” (1978, 1982), “Olimpiada — 80”, “Charos” (1983), “Samarqand majmuasi” (1984) va boshqa lagan, kosa, choynak, tarelka va 6 piyoladan iborat sharqona choy va qahva to’plamlari va boshqalar, yubileylar munosabati bilan tayyorlangan ko’zalar, sovg’a buyumlar shular jumlasidan. Qoraboyev, shuningdek, 30, 40 dona buyumdan iborat choy va oshxona chinni to’plamlari (“oq oltin”, “Toshkent chinnisi” va boshqalar)ga ham bezak mujassamotlari ishlagan. Qoraboyev 1966 y.da yaratgan “paxta gul” (“oq oltin”) mujassamoti chinnisozlikning milliy mumtoz naqshiga aylandi; 1976 yil Germaniya (Leypsig)dagi xalqaro yarmarkaning va boshqa xalqaro yarmarka (ko’rgazma)larning Oltin medallari bilan mukofotlangan. Asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSh, Kanada, Frantsiya, Xitoy, Yaponiya, Iroq, Eron, Turkiya va boshqalar)ning muzey va to’plamlarida saqlanadi.