Qozoqlar

Qozoqlar — xalq, Qozog’iston Respublikasining asosiy aholisi (6,54 million kishidan ziyod, 1990-yillar o’rtalari). Shuningdek, O’zbekiston (808 ming kishi), Turkmaniston (87 ming kishi), Qirg’iziston (37 ming kishi), Tojikiston va Rossiya Federatsiyasi (635,9 ming kishi)da; XXR (1115 ming kishi, 1990-yillar o’rtalari), Mongoliya (125 ming kishi) va boshqa mamlakatlarda yashaydi. Umumiy soni 9,42 million kishi. Qozoq tilida so’zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar. Qozoqlarning etnogenezi turli ko’chmanchi qabilalarning uzoq muddat davomida aralashuvi sharoitida kechgan. Qozoqlarning qadimgi ajdodlariga saklar, usunlar va boshqalar kirgan. Milodning boshlarida Orol dengizidan g’arbda Qozoqlar etnogeneziga ta’sir ko’rsatgan alanlar yashagan. 6-7-asrlarda Qozog’istonning Janubi- sharqida yashagan qabilalar G’arbiy Turk xoqonligi tarkibida bo’lgan. Bu davrda sharqdan turkashlar, telelar, qarluqlar va boshqalar kelib joylashgan. 12-asr boshida Qozog’iston hududiga qoraxitoylar (kidanlar) bostirib kirgan, ular mahalliy turkiy aholi bilan aralashib ketgan. 13-asr boshida mo’g’ullar istilosi davrida Mo’g’uliston va Oltoydan naymanlar, keraitlar va boshqa qabilalar kirib kelgan. Oltin O’rda parchalanishi bilan 15-asr o’rtasida, O’zbek xonligidagi o’zaro nizolar natijasida bu qabilalarning katta qismi Janubi-Sharqqa, Mo’g’uliston davlati tarkibiga ko’chgan. 16-asr boshida g’arbga qaytib kelgan qozoq qabilalari qozoq xonligiga Birlashgan (o’zbek qabilalari Shayboniyxon boshchiligida O’rta Osiyoga ketgan). Shu bilan qozoq elatining shakllanish jarayoni tugallangan. Qozoqlarning qabila-urug’lari tarixan 3 guruhga bo’linib, alohida hududlarda yashaganlar. Ular juzlar deb atalgan. Asosiy mashg’uloti ko’chmanchi chorvachilik, faqat Janubdagi (Sirdaryo bo’yidagi) ba’zi vohalarda sug’orma dehqonchilik bo’lgan.