Qozilar sudi
Qozilar sudi — Islom paydo bo’lgan davrdan musulmon mamlakatlaridagi ayblovchi va ijro etuvchi asosiy davlat organi. Ularga xalifalar va hukmdorlarning noibi hisoblanadigan qozilar boshchilik qilgan. Qozilar turli da’vo va janjallarni shariattya asoslanib hal qilganlar. Hozir ham bir qancha Islom davlatlari (Saudiya Arabistoni, Yaman, Iroq, Eron, Pokiston va boshqalar)da Qozilar sudi o’zining asosiy vazifalarini saqlab qolgan. O’rta Osiyo hududidagi xonliklarda har bir dahada Qozilar sudi bo’lgan. Ularda ish qo’zg’atish va dastlabki tergov bosqichlari yo’q edi. Chunki hozirgi ko’rinishdagi tergov, prokuratura va advokatura organlarining o’zi bo’lmagan. 1920 yil Buxoro va Xorazmda Qozilar sudi tugatildi. Yangi xalq sudlari tashkil etildi. Sovet xalq sudlari Buxoro va Xorazmning rus aholisi joylashgan hududida faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, mahalliy xalq uchun shariatga asoslangan qozi xalq sudlari ish olib borgan. 1924 yil 5 yanvardagi “sud qurilishi to’g’risidagi Nizom” BXSRda amalda bo’lgan sud tizimini qayta tuzdi va Qozilar sudida xalq maslahatchilari qatnashishini joriy etdi, bu bilan kollegial sud tizimini yo’lga qo’ydi. Tub musulmon aholi uchun sud ishidagi bu islohot natijasida sudning shakli o’zgardi, endi yakkaboshchilik sudi kollegial sudga aylandi. Xalq sudida sudyalar, maslahatchilar bo’lib, sovetcha ish yuritish joriy qilinganligiga qaramay, mohiyatan Qozilar sudidan farqi yo’qday edi. Qozilar sudini tugatish to’g’risidagi qarorni musulmon ruhoniylari dinga tazyiq sifatida baholadilar. Shu sababli Turkistonda Qozilar sudiini qisman tiklash boshlandi. Bu haqda 1921 yil 6 oktabrda Turkiston MIKning dekreti e’lon qilindi. 1922 yil 26 mayda TASSR hukumati Respubli- kaning barcha hududida Qozilar sudini qayta tiklash haqida dekret chiqardi. Ana shu asosida Qozilar sudi yana bir necha yil ish olib bordi. O’zbekiston SSR XKSning 1928 yil 18 Fevral qarori bilan u O’zbekistonda o’z faoliyatini to’xtatdi. Shoiraxon Eshonova.