Qonun
Qonun — O’rta va yaqin Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan torli-tirnama cholg’u. Uning asosi qanotsimon, yassi quti shaklida bo’lib, yog’ochdan ishlanadi. Mazkur qismining ustiga yog’ochdan yo’nilgan qopqoq qoplanadi. Qopqoq ustiga torlarni ko’tarib turuvchi ko’targichlar o’rnatiladi. Qonunning umumiy uzunligi 800-900 millimetr, eni 380-400 millimetr atrofida, torlar soni 72 dona (har bir tovush uchta tordan iborat) bo’lib, ichak, hozirda kapron va metalldan ishlanadi. Tovushqatori temperasiya qilingan, umumiy diapazoni 3 oktavadan oshadi. Qonun tizzaga qo’yilgan holda, ko’rsatkich barmoqlarga kiydirilgan maxsus moslamalar yordamida tirnab chalinadi. O’rta asrlarda Darvish Ahmad Qonuniy (15-asr), Ja’fariy Samarqandiy (15-asr), Amir Ali Akbariy Samarqandiy (16-asr) kabi mashhur qonunchilar o’tgan. Qonun O’zbekistonda 1930 yillargacha ishlatilgan, 1980 yil sozanda (changchi va Qonunchi) Abdurahmon Xoltojiyev tomonidan qayta ijodiy amaliyotga kiritilgan. Hozirda Qonun ijrochiligida A.Asqarov, R.Haydarova kabi sozanda-o’qituvchilar tanilgan.