Qodiriylar
Qodiriylar — tasavvuf tariqati. 13-asr oxirida Iroqda tashkil topgan. Abdulqodir Geloniy (1077— 1166) asos solgan deb hisoblanadi. Abdulqodir Geloniyning o’zi sufiy bo’lmagan, lekin uning mashhurligidan tasavvufiy bilish yo’lining g’oya va tajribalarini ommaga singdirishda foydalanilgan. Qodiriylar shtohida guruhlardan tashkil topgan, qarashlari jihatdan Sunniylikka mansub. Qodiriylar tasavvuriga ko’ra, tariqat asoschisining tariqatga a’zoligi davom etaveradi, u tariqat tarafdorlarini vositachi orqali boshqaradi. Qodiriylarda hamma a’zolar uchun majburiy bo’lgan tasavvuf yo’li yo’q. Tariqatni boshqarish an’ana bo’yicha nasldan naslga o’tadi. Qodiriylarning ijtimoiy tarkibi har xil bo’lgan. Ular jamoa bo’lib (samo, xadra, Layliyo), ovoz chiqarmasdan alohida holda (zikri xafiy) hamda baland ovozda (zikri jahriy) umumiy zikr tushishgan. Tariqat a’zolari boshlariga kigiz telpakcha kiyib yurgan. Telpakchada Qodiriylarning timsoli — uch qator gulbargli yashil gul bor. Abdulqodir Geloniy sharafiga har yili bo’ladigan tantanalar — ularning asosiy bayramidir. Abdulqodir qabri ustiga madrasa, rabot, masjid qurilgan bo’lib, Bag’dodning asosiy qadamjolaridan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Sharqiy va shim. Afrikada, Sudan, Iroq va Pokistonda Qodiriylarning mavqei kuchli (Iroq va Pokistondagi Qodiriylar guruhi Bag’doddagi maskanni tariqatning markazi deb e’tirof etadi).