Qozon xonligi
Qozon xonligi – Oltin O’rda inqirozidan so’ng O’rta Volga bo’yi — Volga-Kama Bulg’oriyasi hududida tashkil topgan davlat (1438-1552). Qozon xonlari sulolasiga ulug’ Muhammad (1438— 45) asos solgan. Markazi — Qozon shahri. Qozon xonligi aholisi Qozon tatarlari (Volga bulg’orlarining avlodlari), Mari, chuvash, udmurd, mordva va boshqirdlardan iborat bo’lgan. Ular, asosan, dehqonchilik bilan shug’ullangan. Shaharlarida hunarmandchilik rivojlangan. Qozon xonligi Rus davlati, Sibir, Kavkaz va Sharq davlatlari bilan savdo aloqalari olib borgan. Hokimiyatni yirik zodagonlar kengashi (devon) maslahati bilan xon boshqargan. Shirin, bahrin, arg’in, qipchoq urug’ vakillari — qarachlar, zodagonlarning oliy tabaqasini tashkil etgan. Bulardan keyingi o’rinda sultonlar va amirlar, mirzalar, ulanlar va askarlar turgan. Musulmon ruhoniylar katta hurmatga sazovor bo’lganlar. Aholining asosiy qismini qora xalq” tashkil etgan. Qozon xonligi ma’muriy jihatdan dorug’lar (okrug) va uluslarga bo’lingan. Armiyani xonga qarashli gvardiya, alohida zodagon qo’shinlar va soliq to’lovchi xalq orasidan chiqqan ko’ngillilar tashkil etgan. Qozon xonligi Rus eriga tez-tez talonchilik hujumlari uyushtirib turgan, Rus qo’shinlari esa 1467-69 yillarda Qozon, Vyatka shaharlariga yurish qilgan. 1487 yilgi yurish natijasida Alixon taxtdan ag’darilib, uning o’rnini akasi Muhammad Ali (Ivan III ning gumashtasi) egallagan. Shu vaqtdan boshlab 1521 yilgacha qishloq xo’jaligi Rossiyaga qaram (vassal) davlat bo’lib qolgan. 1552 yil rus qo’shinlari Qozonni bosib olgach, Qozon xonligi tugatilgan va O’rta Volga bo’yining hammasi Rossiya tarkibiga kiritilgan.