Qobil va Hobil
Qobil va Hobil — yahudiy, xristian va Islom dini rivoyatlariga ko’ra, Odamatoning ikki o’g’li. Qobil va Hobil Bibliyada Kain va Avel deb tilga olingan. Rivoyatga ko’ra, Odamato har farzand ko’rganida 1 o’g’il va 1 qiz tug’ilar edi. Ilgari tug’ilgan o’g’il farzandiga 2-vaqtda tug’ilgan qizni olib berar, shu tarzda insonlar ko’payar edi. Qobil 1 qiz bilan, Hobil ham 1 qiz bilan egiz tug’ildilar. Odamato qoidaga ko’ra, Qobil bilan tug’ilgan qizni Hobilga bermoqchi bo’ldi. Lekin Qobil e’tiroz bildirdi. Shunda, Odamato, ikkovingiz Alloh yo’lida qurbonlik qilinglar, qaysi biringizning qurbonligingiz qabul bo’lsa, qizni o’shanga nikohlab beraman dedi. Qobil dehqonchilik kasbidan topgan arzimas narsasini Xudo yo’liga ataydi. Hobil esa qo’ylari orasidan eng yaxshi bir qo’chqorni tanlab qurbonlik qiladi. Shunda Hobilning qurbonligi qabul qilingani ma’lum bo’ladi. Bundan g’azabga kelgan Qobil o’z inisini o’ldiradi. Hobil o’limga yuz tutayotgan bo’lsada, akasiga qarshi qo’l ko’tarmasligini, qotilni Alloh shubhasiz do’zax bilan jazolashini aytadi. Voqea bayon etilgan “Moida” surasidagi oyatlarda (5:27/30 -32/35) bir kishini nohaq o’ldirish butun jamiyatni o’ldirish, bir kishini halokatdan saqlab qolish esa butun jamiyatni asrab qolishdir, deb ta’kidlanadi.