Qovunchitepa
Qovunchitepa — arxeologik yodgorlik (miloddan avvalgi 6-asr — milodiy 8-asr va 15— 16-asrlarga oid shahar xarobasi). Toshkent viloyatining Yangiyo’l shahridagi Kurkuldak kanalining chap sohilida joylashgan. Arxeolog G.V.Grigorev qazish ishlari olib borgan (1934— 37), bu yerdan kulolchilik va qurilish muhandisligiga mansub buyumlar topilgan. Keyinchalik O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti (Yu.F.Buryakov rahbarligida) tomonidan o’rganilgan (1970, 1976, 1978). Maydoni 25 gektar. Qovunchitepa baland Ark (50×50 metr), to’g’ri to’rtburchakli Shahriston (150×100 metr) va raboddan iborat. Madaniy qatlamlar (4— 12,5 metr qalinlikda) Burganli madaniyati va Qovunchi madaniyatiga oid me’morlik-qurilish qoldiqlaridan tashkil topgan. Arkning ostki qatlamlarida erto’lalar, kulxona, qo’lda yasalgan dag’al sopol idishlar Burganli davri (miloddan avvalgi 6-3- asrlarga)ga tegishlidir. Qazish natijasida tubi yumaloq, tumshuqli qozonlar, yarim yumaloq tog’orachalar, yuza kosalar, tubi tekis xumchalar topilgan. Ayrim idishlarga qizil, jigarrang angob bilan keng chiziq yoki romb shaklida naqshlar berilgan. Qovunchi davri 2 bosqichga bo’lingan. Miloddan avvalgi 2-asr — milodiy 2-asrda xom g’isht va paxsadan istehkom hamda turar joy binolari qurilgan. Milodiy 3-8-asrlarda shahar va rabodda hayot ancha rivojlangan. Moddiy madaniyatga Sirdaryoning quyi qismida yashagan qadimgi aholining madaniyati katta ta’sir qilgan. 8-asrning 1-yarmida arablarning Chochga qilgan bosqinchiligidan so’ng Qovunchitepa tashlandiq holga kelgan. 15-16-asrga kelib, unda hayot qayta tiklangan.