Qovurdoq
Qovurdoq — 1) go’sht, kartoshka, tuxum, guruch va boshqalardan tayyorlanadigan taom. Qizigan yog’da o’rtacha kattalikdagi kartoshkani 2 ga bo’lib qizartirib qovurib olib qo’yiladi. Go’sht qovuriladi, so’ngra qovurilgan kartoshka, piyoz, zira, tuz aralashtirilib qovurish davom ettiriladi. Qovurma ustiga guruch aralashtirilgan qiymadan tayyorlangan do’lmalar terib ozroq qaynoq suv quyilib, dimlab qo’yiladi. Alohida idishda tuxumlar bittalab chalaroq qovurib olinadi. Dasturxonga go’sht, kartoshka, do’lma, tuxum qo’yib ko’katlar sepib tortiladi. Bu taom asosan, kuyov yo’qlar, chaqaloqni yo’qlash, beshik to’yi va boshqalar marosimlarda tayyorlanadi; 2) yangi so’yilgan qo’y, echki, buzoq, qoramol yoki kiyik, tog’echkisi kabi hayvonlar go’shtini uzoq saqlashning qadimiy usuli. Go’sht suyaklari bilan lo’nda-lo’nda (50-60 santimetr) qilib chopilib yaxshilab tuzlanib, ziralab dog’langan yog’da qovuriladi. Yaxshi qovurilgan go’sht xum, ko’za yoki sirlangan qopqoqli idishga joylanadi va ustiga yog’i quyiladi (yog’ go’shtni ko’mib turishi shart). Qovurdoq suyuq va quyuq taomlarga ishlatilishi, salat, sabzavotlar va non bilan yaxna ovqat sifatida iste’mol qilinishi mumkin.