Qovuq, siydik pufagi
Qovuq, siydik pufagi — odam, ba’zi umurtqasizlar va ko’pchilik umurtqalilarning ichi bo’sh xaltasimon a’zosi, unda siydik yig’iladi; sig’imi 500-700 ml. Bo’sh Qovuq puchaygan holda bo’lib, ichida siydik bor-yo’qligiga qarab, shakli o’zgarib turadi. Kichik chanoqda qov birikmasi ortida yotadi; o’ning tubi, tanasi va uchi tafovut qilinadi. Qovuq devorida kuchli muskul qavati bo’lib, u qisqarganida Qovuq bo’shlig’i kichrayadi. Siydik naylari Qovuqqa ochiladigan joyida va siydik chiqarish kanalining ichki teshigi atrofida aylana muskul tutamlari sfinkterlar hosil qiladi, ular siydikning Qovuqqa tushishini va Qovuqdan chiqishini rostlab turadi. Ayollar qovug’ining orqasida bachadon va qin, erkaklarda esa urug’pufaklari va urug’chiqarish yo’llari bo’ladi. Qovuqning old tomonida qovuq bilan qov suyaklari orasida ularni ajratib turuvchi oraliq bor, shuning uchun Qovuq erkin harakat qila oladi. Qovuq siydik bilan to’lganda chanoq bo’shlig’idan ko’tarilib, qov birlashmasidan yuqoriga, hatto kindikgacha boradi. Siyish murakkab reflektor holat, bunda qovuqni bo’g’adigan muskullar qisqaradi, siydik chiqarish kanalining sfinkterlari bo’shashadi. Sog’lom odam qovug’ida 250-300 ml siydik to’planganida siygisi qistaydi. Normal sharoitda odam bir sutkada 4-6 marta siyadi. Sog’lom kishi suyuqlikni ko’p iste’mol qilsa, tez siyadi; quruq ovqat esa yoki yilning issiq faslida siydik miqdori kamayadi.