Qirg’izlar
Qirg’izlar — xalq, Qirg’izistonning asosiy aholisi (2,23 million kishi). O’zbekiston (175 ming kishi), Tojikiston (64 ming kishi), Rossiya Federatsiyasida (42 ming kishi, 1990-yillar o’rtalari), shuningdek, Xitoyda (150 ming kishi, 1987 yil) yashaydi. Qirg’iz tilida so’zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar. Qirg’iz nomi ilk bor geegun shaklida xitoycha “Xanshu” (“Xan sulolasi tarixi”; milodiy 1-a.sr) yilnomasida miloddan avvalgi 203 yilgi voqealar bayonida tilga olinadi. Qirg’izlarning kelib chiqishi haqida turli qarashlar mavjud, xususan ularning Yenisey qirg’izlari deb atalmish xalqdan tarqalgani masalasi munozarali. Qirg’izlarning ilk etnik tarixi qadimgi qabila ittifoqlari (hunlar, dinlinlar, saklar va usunlar) bilan bog’liq. Turk xoqonligi va ko’chmanchi davlat uyushmalari davrida (6-10-asr), keyinchalik Qirg’izlar tarkibiga kirgan qabilalar Sayan-Oltoy, Irtish bo’yi, Sharqiy Tyanshanning turkiy aholisi orasida shakllanganlar. Qirg’izlarning bir qismi 9— 12-asrlarda, katta qismi esa o’rta asrlar davomida g’arbga ko’chib, Issiqko’l atroflari, Yettisuv havzasi, Tyanshan (Tangritog) yon bag’irlari, Farg’ona vodiysining tog’oldi hududlari va Dashti Qipchoq o’lkalariga borib joylashgan. Qirg’izlarning asosiy qismi Tyanshan va Issiqko’l oralig’ini makon tutib, bu yerdagi bir necha turkiy qabilalar bilan birgalikda hozirgi qirg’iz xalqini tashkil qilgan. Qirg’iz xalqi tarkibiga, shuningdek, Yettisuv va Movarounnahrning turkiy qabilalari, jumladan qarluqlar va uyg’urlar, keyinroq mo’g’ul qabilalari, 16-17-asrda esa kelib chiqishi qozoq- no’g’aylar bilan bog’liq qabilalar kirgan. Qirg’izlarning bir qismi boshqa turkiy xalqlarning etnogenezida qatnashgan. Xususan, 92 o’zbek urug’iga oid Shajaranomalarning barchasida qirg’iz etnonimi qayd qilingan. Shuningdek, O’zbekistonning bir nscha viloyatlarida qirg’iz nomi etnotoponim sifatida saqlanib qolgan. Qirg’izlar qo’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvachilik, ayrim tumanlarda dehqonchilik bilan shug’ullangan.