Qirqbo’g’imdoshlar

Qirqbo’g’imdoshlar — qirqbo’g’imnamolarga mansub o’simliklar oilasi. Yagona qirqbo’g’im turkumidan iborat. Poyasi yashil, oddiy, bo’g’imlarga ajralgan. Barglari rivojlanmagan, mayda, tumorchasimon, pastki qismi qo’shilib o’sib, bo’g’imining tagida halqa bo’lib joylashadi. Poyasi uchida sporali boshoq (strobila) hosil qiladi. U o’zak va unda halqa bo’lib joylashgan qalqon shaklidagi sporofillardan iborat. Sporofillar ichida 5-10 ta sporangiy, ular ichida esa sporalar etishadi. Sporalardan rivojlangan erkak gametofitlarda anteridiy, urg’ochi gametofitlarda esa arxegoniy hosil bo’ladi. Anteridiyda ko’p xivchinli spermatozoidlar, arxegoniyda esa tuxumhujayra vujudga keladi. Urug’langandan so’ng gametofit bir yoki bir necha jinssiz nasl (sporofit) beradi. Jinssiz va jinsiy bo’g’imlar gallanadi. Qirqbo’g’imdoshlarning hozirgi vaqtda yashab turgan qirqbo’g’im turkumi, urug’i qurib bitgan ekvizetites turkumining sxizonevra turi va boshqalar ma’lum.