Qizilqir

Qizilqir — neolit, jez davriga mansub arxeologik yodgorliklar majmuasi. Vobkent daryosining qadimgi adog’i, Buxoro shahridan 40 kilometr shimoliy-g’arbda joylashgan. 1953 yilda Ya.G’. G’ulomov tomonidan qayd etilgan. 1953-60 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining Mohondaryo arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan arxeologik qazishmalar o’tkazilgan. Tadqiqotlar natijasida Qizilqir arxeologik majmuasi 4 davrga mansub 4 ta yodgorlivdan iboratligi aniqlangan. Ulardan davr jihatdan eng qadimgisi neolit davri (miloddan avvalgi 4-3-ming yillik)ga oid manzilgoh va mikrolit (mayda tosh) qurollar yasash ustaxonasining o’rni bo’lgan. Yodgorlik sahnidan ko’plab chaqmoqtosh, aqiq, oq xaltsedon va shaffof tosh jinslaridan ishlangan mikrolit qurollar qayd etilgan. Ular Kaltaminor madaniyatish xosdir. 2-yodgorlik alohida-alohida 2 tepalik (Qizilqir -1 va Qizilqir -2)dan iborat. Qizilqir -1 neolit davri manzilgohidan 400— 500 metr Janubi-g’arbda joylashgan. Yodgorlik doira shaklidagi tepalik bo’lib, diametri 82-84 metr, balandligi 3,5 metr. U shag’alli do’nglik ustiga qurilgan 6 xonali binodan iborat qo’rg’on shaklida qurilgan. Bino atrofi qalin (2,4 metr) paxsa devor bilan o’ralgan, maydoni 23,5×23,5 metr. Devor 3 metrgacha yaxshi saqlangan. Paxsa devor tikkasiga yorilmasligi uchun 20-55 santimetr qalinlikdagi paxsa qatoriga ustiga bir qator 44x48x10 santimetrli xom g’isht terilgan. Qo’rg’onning darvozasi Janub tomonda bo’lgan. Ichkariga eni 2 metrli torgina uzun (sahni 7,5—4,5 metr) yo’lak orqali kirilgan. Binoning asosiy qismining chor atrofi yo’laksimon (bo’yi 13,7 metr, eni 2,75 metr) uzun xonalar bilan o’ralgan, 9×9 metrli kvadrat shakldagi kattagina zaldan iborat bo’lgan. Qizilqir 1 dan tosh yorg’uchoqlar, xum, suvdon, ko’za, tovoq, sopol haykalchalar, qora chiroq, sopol qozon, urchuq toshlar va boshqalar xil ro’zg’or buyumlari topilgan. Qizilqir 1 da hayot milodiy 3-asrda tugagan. Qizilqir 1 qo’rg’onining Markaziy zali devori ostidan miloddan avvalgi 2 ming yillikning 2 yarmi (jez davri)ga mansub qabr qazib ochilgan. Bu yodgorlik Qizilqir majmuiga yodgorlik bo’lib, undan boshoqsimon chizma naqsh bilan qoplangan 2 dona sopol tuvak topiladi. Bu topilma Tozabog’yop madaniyatiga mansubdir. Qizilqir 2, Qizilqir 1 dan taxminan 1 kilometr Janubda joylashgan yarim erto’la tarzidagi qadimiy chayla xarobalaridan iborat. Maydoni 600 m2. Qizilqir 2 da chaylalarning old tomonidan o’choqlar, xo’jalik o’ralari, sopol idishlar (tovoq, tova, xumcha, qozon va boshqalar), ro’zg’or buyumlari (yog’log’i, yorg’uchoq, temir pichoq, qayroq, urchuqtoshlar va boshqalar), bezaklar (uzum boshi va musht shakllaridagi 2 marjon va boshqalar) va turli qurollar (uch parrakli temir paykon, mis bigiz va boshqalar), shuningdek, sopol haykalchalar, kumush tanga va boshqalar topilgan. Qizilqir 2 shubhasiz Qizilqir 1 qo’rg’onida istiqomat qilgan aholining yozgi turar joylarining xarobasi edi. Ad.: Gulyamov Ya.G., Arxeologicheskie raboti k zapadu ot Buxarskogo oazisa. Trudn instituta istorii i arxeologii, VNP. 8, T., 1956.