Qizilquloq
Qizilquloq — qurbaqaboshlar urug’iga mansub kaltakesak. O’rta Osiyo va Qozog’iston cho’llarida tarqalgan. Tanasi 24 santimetrcha. Usti qum rang, sarg’ish va kulrang dog’li, to’rsimon naqshli; qorin qismi oq, ko’kragida qora dog’lari bor (bu dog’lar yosh individlarida bo’lmaydi). Qizilquloq qum tepaliklarning pastki qismida bir necha uya qaziydi va undan qishda urchish davrida foydalanadi. Uyasiga boshqa kaltakesaklarni kiritmaydi. Yozda qumga ko’milib yotadi. Xavf sezganda dushmanini cho’chitish uchun og’zini katta ochib, og’iz chetidagi qizil va yashil tusda tovlanadigan teri pardani yoyib yuboradi (nomi shundan). Yilda ikki marta 2-6 tadan tuxum qo’yadi. Hasharotlar va ularning lichinkasi, ba’zan o’simlik bargi va mevalari bilan oziqlanadi.